20:40 / 04.03.2018
68755

Qotil tog‘lar: Dunyoning eng dahshatli 10 tog‘ cho‘qqisi

Serviqor tog‘lar har doim insonlarni o‘ziga jalb qilib kelgan. Qanchalik fojiali bo‘lmasin, tog‘larning cho‘qqilarini zabt etishga yo‘l olgan barcha insonlar ham ortiga qaytavermaydi. Ba'zilar bunday qahramonlikka da'vo qiluvchilarni ogohlantirgandek ana shu cho‘qqilarda abadiy qolib ketadi.

Tog‘ cho‘qqilari har yili o‘nlab kishilarning halokatiga sabab bo‘ladi. Sel oqimlari natijasidagi ko‘chkilar va qor ko‘chkilari, bo‘ron va kuchli shamollar - aftidan tabiatning o‘zi odamlar uning ulkan toshlarini bezovta qilishlarini istamaydigan ko‘rinadi. Biroq shunda ham navbatdagi cho‘qqiga chiqishni xohlovchilar soni kamaygani yo‘q. Don'tPanic dunyoning eng xavfli tog‘ cho‘qqilari o‘nligi to‘g‘risidagi ma'lumotlari bilan bo‘lishdi.

Everest\Foto: Don'tPanic

Everest

Joylashuv: Nepal, Xitoy. Himolay

Balandligi: 8 848 metr

Everest – bu zamonaviy Golgofa. Jasorat bilan muzdek tog‘ cho‘qqisi tomon ko‘tarilishga qaror qilgan har bir inson orqaga qaytish imkoni bo‘lmasligi ham mumkinligini yaxshi biladi. Bu haqida orqaga qaytish nasib etmaganlarning jasadi eslatib turadi. Everest cho‘qqisiga ko‘tarilgan 7 mingdan ziyod odamdan rasman 250 kishi halok bo‘lgan. Foizli nisbatda oladigan bo‘lsak, bu raqamlar u qadar katta emas, biroq tog‘ cho‘qqisi tomon ko‘tarilayotib, o‘zining jasoratiga ishonganlarning jasadiga ko‘zingiz tushganida statistika tinchlantira olmaydi.

Annapurna\Foto: Don'tPanic

Annapurna

Joylashuv: Nepal. Himolay

Balandligi: 8 091 metr

Amerikalik alpinist Ed Vitusning so‘zlari Annapurna uchun eng yaxshi ta'rif bo‘la oladi: "Annapurna butunlay muz bilan qoplangan xavfdir. Muzli "o‘simtalar"ga ega bir katta muz bo‘lagi misoli. Muammo keyingi muz bo‘lagining qaysi tomonga boshlashida - oldingami yoki orqaga". Cho‘qqini zabt etishni istagan alpinistlarning 40 foizi uning yonbag‘irlarida qolib ketadi.

Monblan\Foto: Don'tPanic

Monblan

Joylashuv:  Fransiya, Italiya. Alp

Balandligi: 4 695 metr

Monblan yoki Oq tog‘ – Yevropadagi eng baland tog‘ cho‘qqisi. Monblan tog‘i alpinistlar orasida ko‘tarilish uchun u qadar xavfli joy hisoblanmaydi, biroq taqdirning qandaydir o‘yini sabab u o‘lim holati bo‘yicha rekord darajani qayd etadi. Ikki asrdan ziyod tarixga ko‘ra, Oq tog‘ qoyalari bir necha ming alpinistning hayotiga zomin bo‘lgan - bu bo‘yicha u Everestni ham ortda qoldiradi.

Nanga Parbat\Foto: Don'tPanic

Nanga Parbat

Joylashuv: Pokiston. Himolay

Balandligi: 8 126 metr

Everest alpinistlar orasida mashhur bo‘lguniga qadar aynan Nanga Parbat alpinistlar o‘limi ko‘rsatkichlari bo‘yicha yetakchilik qilardi va shu sababli "Qotil tog‘" nomini olgandi. Bugungi kunga kelib, ushbu tog‘dagi o‘lim holatlari sezilarli darajada - 5,5 foizga kamaygan.

Kanchenjanga\Foto: Don'tPanic

Kanchenjanga

Joylashuv: Nepal, Hindiston. Himolay

Balandligi: 8 586 metr

Bu dunyoning uchinchi eng baland tog‘i hisoblanadi. Kanchenjanga alpinistning dahshatli tushiga o‘xshaydi, zero bu yerda vaqti-vaqti bilan noqulay ob-havo hukmron bo‘ladi, ish hatto ko‘chkilargacha yetib boradi. Faqat 190 nafar dovyurakkina Kanchenjanga cho‘qqisiga chiqishning uddasidan chiqqan. Alpinistlar orasidagi o‘lim holati esa bu yerda 22 foizga yetadi.

K2\Foto: Don'tPanic

K2

Joylashuv: Pokiston, Xitoy. Karokurum

Balandligi: 8 614 metr

K2 yoki Chogori tog‘i cho‘qqiga ko‘tarilish uchun maksimal ekstremal sharoitlar yaratadi. Bu tog‘ shafqat qilib o‘tirmaydi va xatolarni kechirmaydi - uning cho‘qqisiga chiqishga uringan har to‘rtinchi alpinist halok bo‘ladi. Qishki mavsumda-ku buning umuman iloji yo‘q.

Eygar\Foto: Don'tPanic

Eyger

Joylashuv:  Shveytsariya, Alp

Balandligi: 3970 metr

Eyger cho‘qqilari u qadar baland bo‘lmasa-da, dunyoning eng xavfli tog‘lariga kiradi. Uni yana "odamxo‘r" deb ham atashadi. Doimiy o‘zgaruvchi havo va qoyalar orasidagi katta farq misli ko‘rilmagan muammolarni keltirib chiqaradi. Bir yarim asrlik tarix davomida cho‘qqi 65 kishining umrini xazon qilgan.

Fitsroy\Foto: Don'tPanic

Fitsroy

Joylashuv:  Argentina, Chili. Patagoniya

Balandligi: 3 359 metr

Ushbu ulug‘vor granit cho‘qqi bir vaqtning o‘zida ham eng kam zabt etiluvchi, ham dunyoning eng xavfli cho‘qqilaridan biri hisoblanadi. Bu tog‘ cho‘qqisi bir yilda faqat bir martagina muvaffaqiyatli zabt etiladi. Alpinistning oldida biryo‘la ikki muammo turadi: birinchidan, cho‘qqiga chiqish uchun qoyaning 600 metr balandligini bosib o‘tish kerak, ikkinchidan esa, haftalab davom etishi mumkin bo‘lgan yog‘ingarchilik qoyalar bo‘ylab harakatlanish istagini umuman yo‘qqa chiqarishi mumkin. Bundan tashqari, Fitsroyga faqat janubiy yarim shardagi yoz oylari - dekabrdan fevralgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida ko‘tarilish mumkin.

Vinson massivi\Foto: Don'tPanic

Vinson massivi

Joylashuv: Antarktida

Balandligi: 4 892 metr

Antarktida tog‘lari ko‘tarilish u qadar qiyin bo‘lmagan marra hisoblanadi. 1958 yildan buyon uning cho‘qqisini 1,5 mingga yaqin kishi zabt etgan. Eng qiyini - massivning o‘ziga yetish. Antarktida pingvinlar uchun yaxshi joy, biroq odamlarning bu yerda muzlash natijasida hayotdan ko‘z yumishi hech gap emas.

Matterxorn\Foto: Don'tPanic

Matterxorn

Joylashuv: Shveytsariya, Italiya. Alp

Balandligi: 4 478 metr

Alpdagi zabt etish uchun eng murakkab bo‘lgan cho‘qqilardan biri - uning shimoliy qoyasi bo‘lib, u umuman yetish imkoni bo‘lmagan va texnik jihatdan zabt etish eng qiyin bo‘lgan cho‘qqi hisoblanadi. Tez-tez kuzatiluvchi sel oqimlari va toshlarning qulashi ham unga ko‘tarilishni yanada murakkablashtiradi. Shunday bo‘lsa-da, 1865 yilda Matterxorn cho‘qqisi biryo‘la ikki marta zabt etilgan. Biroq to‘rt kishidan iborat birinchi guruh vakillari trosning uzilishi natijasida halok bo‘lishgan.

Mavzuga oid
Top