Jamiyat | 21:50 / 04.03.2018
47611
6 daqiqa o‘qiladi

Uyi bo‘lib uysiz qolgan jabrdiydaning boshidan kechirganlari

Tahririyatimizga Yunusobod tumani, “Billur” MFY, 4-mavze, 34-uy, 46-xonadonda yashab kelgan oila boshlig‘i murojaat qildi. To‘lqin Hasanov 2017 yilning 12 dekabr, qishning qahraton sovuq kunida oilasi bilan istiqomat qilib kelayotgan xonadondan ko‘chishga majbur bulganini ta'kidladi hamda ushbu muammoni jamoatchilik e'tiboriga havola qilishni so‘radi. 

T.Hasanovning so‘zlariga ko‘ra, u mazkur xonadonda 1996 yildan beri istiqomat qilib keladi. Buni ushbu uyda yashovchi qo‘shnilar, uy boshlig‘i, “Billur” MFY raisi A.Rahmatov tomonidan imzolangan ma'lumotnomalar ham tasdiqlaydi. Uning 2 nafar farzandi shu mavzedagi 302-maktabda a'lo baholarga tahsil olib kelmoqda. Bir farzandi “logonevroz” tashxisi bilan yaqin oradagi maktabgacha ta'lim muassasasiga qatnaydi. 

Muammo bo‘yicha izoh so‘rab mahalla raisi Ahatilla Rahmatov va T.Hasanov yashab kelgan uy boshlig‘i Yoqutxon Qayumxo‘jayeva bilan ham uchrashdik. 

Foto: mahalla raisi Ahatilla Rahmatov/Kun.uz

T. Hasanov mazkur xonadonda 1996 yildan buyon e'tirozsiz yashab kelayotgani hamda o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilib kelayotgani bois, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 187-moddasiga muvofiq qonunan mulkka egalik qilish huquqi vujudga kelgan. Fuqarolik kodeksining 187-moddasida shunday deyiladi:

“Egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat
Mulkdor bo‘lmagan, lekin ko‘chmas mol-mulkka o‘n besh yil davomida yoki boshqa mol-mulkka besh yil davomida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs bu mol-mulkka mulk huquqini oladi (egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat)”. 

Aytish mumkinki, To‘lqin Hasanov yuqoridagilardan kelib chiqqan holda xonadonni xususiylashtirish huquqiga allaqachon ega bo‘lgan. 21 yil mobaynida ushbu kvartira bo‘yicha barcha kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz to‘lab kelgan. Shu davr ichida hech kim “sen va oilang bu yerda noqonuniy yashayapsan” demagan. 

Hukumat qarori bilan barcha turarjoylar inventarizatsiyadan o‘tkazilishi munosabati bilan 2016 yil oxirida ushbu uyga egalik huquqi kadastr bo‘limida ro‘yxatdan o‘tkazilmagani aniq bo‘lgach, Yunusobod tumani uy-joydan foydalanish bo‘limi egasiz deb topilgan uylar va kvartiralar ro‘yxatiga so‘z ketayotgan kvartirani ham qo‘shib yuborgan. Buni hokimlik uy-joy bo‘limida ishlab ketgan, egasiz deb topilgan uy va kvartiralar ro‘yxatini tuzgan sobiq mulozim (uning ism-sharifi, qaysi lavozimda ishlagani KUN.UZ’ga ma'lum) tasdiqladi. 

Foto: To‘lqin Hasanov/Kun.uz

T.Hasanovning so‘zlariga ko‘ra, mazkur kvartira Yunusobod tumani hokimining 2017 yil 3 yanvardagi 02-F-sonli farmoyishi bilan tuman hokimligining hisobiga olingan. E'tiboringizni ayni shu narsaga qaratishni xohlar edik. Chunki muammoning mag‘zi ayni shu yerda. Aytaylik, mazkur kvartira Yunusobod tumani hokimligiga qarashli bo‘lsa, nima uchun u faqat 2017 yil 3 yanvarda hisobga olinmoqda? Bu shu vaqtgacha mazkur uyning hech bir idora tasarrufida bo‘lmaganini tasdiqlaydi. 

Yana ham to‘g‘rirog‘i, kvartira 1988 yilda harbiy qism orderi asosida Gareyev Sergey Saxipovichga oilasi bilan birga istiqomat qilishi uchun berilgan. Gareyev 1996 yilda O‘zbekistondan ketishdan avval xonadonni T.Hasanovga sotgan. Biroq T.Hasanov o‘z e'tiborsizligi tufayli kvartirani qonunda belgilangan tartibda rasmiylashtirmagan.

Biroq u barcha to‘lovlarni o‘z vaqtida, mas'uliyatni to‘liq his qilgan holda to‘lab kelgan bo‘lsa-da, qolaversa, uning shu xonadonda 22 yildan buyon istiqomat qilib kelayotganini tasdiqlovchi dalillar yetarli bo‘lishiga qaramay, xonadonni T.Hasanov nomiga rasmiylashtirish paysalga solib kelgan. Buning oqibatida sud qarori bilan T.Hasanov va uning turmush o‘rtog‘i, 4 nafar voyaga yetmagan, shulardan biri kasalmand bo‘lgan farzandlari uy-joy berilmasdan majburiy tarzda ko‘chirilmoqda, ular ko‘chada qolmoqda. A'lo baholarga o‘qib kelayotgan, shu yurt kelajagiga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan farzandlari ham bunday zarbadan aziyat chekmoqda. To‘lqin aka qaysi idoraning eshigini qoqmasin, rad etilmoqda. 

Ayni vaqtda 4 farzandi, xotini bilan ijarada turishga majbur qilingan To‘lqin aka Qashqadaryoga ketay desa, bir necha ukalari oilalari bilan bir uyda istiqomat qilishi ustiga o‘zi ham bola-chaqasi bilan borishini tasavvur qila olmayapti. Toshkentda bir xonali bo‘lsa-da kvartira (3 qiz va bir o‘g‘li bor) xarid qilish uchun moddiy imkoniyati yetarli emas. Shunday ekan, To‘lqin aka duch kelgan muammoni kim hal qilib bera oladi? Uning dodini kim eshitadi?

Mavzuga oid