Sport | 20:26 / 05.03.2018
17658
7 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya Olimpiadadan nima oldi?

Janubiy Koreya ham Yozgi, ham Qishki Olimpiadani qabul qilgan sanoqli mamlakatlardan biri bo‘ldi. 2018 yilgi Qishki o‘yinlar 1,5 million aholiga ega Kanvondo provinsiyasida bo‘lib o‘tdi, biroq Olimpiyada poytaxti bo‘lgan Pxyonchxanda 40 mingdan ziyod kishi istiqomat qiladi. Bu 1994 yilgi O‘yinlar o‘tgan Lillexammer (Norvegiya)dan keyingi Olimpiadani qabul qilgan eng kichik shahar. Shunday bo‘lishiga qaramay, katta moliyaviy resurslarni va sifatli moddiy bazani talab qiluvchi sport tadbirini shu yerda o‘tkazishga qaror qilindi.

Foto: Sergeya Bobyleva / TASS

Bu qaror qabul qilinganiga ancha bo‘ldi — Pxyonchxan uchinchi urinishdagina Olimpiada o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritdi. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) 2010 yilgi O‘yinlarni Vankuverga, 2014 yilgisini esa Sochiga yo‘llagan. Forbes nima uchun Koreya Olimpiada o‘tkazishda qat'iy turib olgani, unga qanday tayyorgarlik ko‘rgani va O‘yinlardan keyin arenani nima qilishiga doir izohlar bilan bo‘lishdi.

Tinchlik tashabbusi

Yirik xalqaro sport forumlarini o‘tkazish nafaqat qabul qiluvchi tomonning iqtisodiy rivojlanishiga, balki uning milliy imidji oshishiga ham xizmat qiladi. Janubiy Koreya bunga ishonch hosil qilishga ulgurgan: 1998 yilgi Yozgi Olimpiada va 2002 yilgi Futbol bo‘yicha jahon chempionati davlatning iqtisodiy o‘sishiga ulkan hissa qo‘shgan va uning xalqaro mavqeini ko‘targan. Shu bois o‘tkazilgan so‘rovnomalar aholi orasida O‘yinlarga nisbatan yuqori moyillik darajasini ko‘rsatgan.

2010 yilda Janubiy Koreya fuqarolarining 52,2 foizi Qishki Olimpiada o‘tkazish g‘oyasini ma'qullagan. Kanvondo provinsiyasi aholisining 55,6 foizi O‘yinlar mintaqaga sezilarli ta'sir ko‘rsatishini tasdiqlagan, lekin 63,8 foizi 2018 yilgi O‘yinlardan keyin obektlardan foydalanish muammosidan xavotirga tushgan. Shunday bo‘lsa-da, 2011 yilda Pxyonchxanda Olimpiada o‘tkazishga doir qaror qabul qilinganida deyarli barcha koreyaliklar, ya'ni aholining 92,4 foizi uni qo‘llab-quvvatlagan. Bu juda muhim, chunki bunday megahodisaga tayyorgarlik eng avvalo mahalliy aholi munosabatiga bog‘liq.

Foto: Reuters

Janubiy Koreya aholisining Olimpiadaga ijobiy munosabati asosan mintaqadagi murakkab siyosiy vaziyat bilan ham izohlanadi. O‘yinlar avval boshdanoq Janubiy va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi tinchlik muloqotini qayta tiklash uchun yangi imkon sifatida qabul qilingandi. XOQ Olimpiadada shimoliy koreyaliklar ishtirok etishini har tomonlama qo‘llab-quvvatladi - ro‘yxatdan o‘tish muddatini uzaytirdi va atletlarga qo‘shimcha kvotalar ajratdi. Oxir-oqibat hatto ikki Koreya ayollar xokkey turnirining ochilish va yopilish marosimlarida birlashgan jamoa sifatida qatnashdi.

Rejali iqtisodiyot

Tashkilotchilarning O‘yinlarga tayyorgarlik bo‘yicha oshib borayotgan xarajatlaridan xavotir olgan Xalqaro olimpiya qo‘mitasi 2002 yildayoq "Olimpiya konsepsiyasi"ni qabul qilgan, maqsad - qabul qiluvchi tomon mablag‘larni aql bilan sarflashi va obektlardan Olimpiadadan keyin ham foydalanishga mo‘ljallashi. O‘shandan buyon O‘yinlar o‘tkazishga yo‘naltirilgan har qanday ariza shu kontekstda ko‘rib chiqiladi. Albatta, Pxyonchxan ham bundan istisno emas.

Dastlabki baholarga ko‘ra, Olimpiada Janubiy Koreyaga 12,9 milliard dollarga tushdi - bu summa 2011 yilda taxmin qilingan byudjyetdan deyarli ikki baravar ko‘pdir.

Hyundai tadqiqot instituti esa O‘yinlar mamlakatga bundan-da qimmatga - 17 milliard dollarga tushgan deb hisoblaydi. Shunday bo‘lsa-da, keyingi o‘n yillikda Koreya yangi infratuzilmadan foydalanish va turistik "bum" hisobiga 65 trillion von (60 milliard dollar)ga yaqin iqtisodiy foyda ko‘rishni rejalashtirmoqda.

Tashkiliy qo‘mita xarajatlarining aksariyat qismi sport arenalari qurilishi va qayta ta'mirlanishiga sarflandi. O‘yinlardan keyin ko‘pincha ulardan foydalanishga doir muammolar paydo bo‘ladi. Afinada (2004) va Rio-de-Janeyroda (2016) ko‘p stadionlar hech kimga kerak bo‘lmay, buzila boshlangan. Koreya esa bu borada ijobiy tajribaga ega - 1998 yilgi Seul O‘yinlaridagi 34 obektning barchasi hanuz muvaffaqiyatli qo‘llanib kelinmoqda. Biroq qishki sport mamlakatda u qadar mashhur emas (short-trekdan tashqari), shuning uchun ba'zi arenalarning Olimpiyadan keyingi taqdiri nima bo‘lishi hali-hanuz noma'lum.

2015 yilda Koreya taraqqiyot instituti Olimpiada sport obektlarining texnik-iqtisodiy xususiyatlarini o‘rganib, Kanvondo provinsiyasida ularni bir yil davomida  qo‘llab-quvvatlash 18 million dollardan ortiqqa tushishini hisoblab chiqqan, yillik daromad esa 3,4 million dollarga teng bo‘lishi taxmin qilingan.

Foto: Cuningham Group Architecture

Shuning uchun arenalarning bir qismi O‘yinlardan keyin olib tashlanadi. Masalan, Olimpiya stadioni muzey va park zonasiga aylantiriladi - rejalashtirilgan rekonstruksiya loyihaning 105 million dollargacha qimmatlashishiga olib keldi. Ba'zi obektlarning Olimpiadadan keyingi taqdiri nima bo‘lishi esa hanuz noma'lum. 

9-18 mart kunlari sport obektlarining aksariyati belgilangan vazifalariga ko‘ra qo‘llanadi - Pxyonchxanda Paralimpiada o‘tkaziladi, shunday ekan, tashkilotchilarning O‘yinlardan keyin infratuzilmalardan foydalanish borasida qarorlar qabul qilishlari uchun hali vaqtlari bor.

Turistik maskan

2018 yilgi O‘yinlar tashkilotchilari musobaqalardan keyin Pxyonchxan mahalliy aholi uchun ham, chet elliklar uchun ham yil davomida sayyohlar tashrif buyuradigan markazga aylanishiga umid qilishmoqda. Hyundai tadqiqot instituti sayyohlar oqimining o‘sishini 2018 yilgi Olimpiada iqtisodiy jihatdan muvaffaqiyatli hisoblanishi uchun asosiy shartlar qatorida sanab o‘tdi.

Foto: Getty Images

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2018 yilgi O‘yinlar vaqtida Pxyonchxanga 2 million mehmon tashrif buyurgan. 2018 yilda Kanvondoga jami 13,7 million mahalliy va 2,6 million chet ellik sayyoh kelishi taxmin qilinmoqda. Bu mamlakat turizm sanoati rivoji uchun yaxshi turtki bo‘lishi kutilmoqda.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid