Dunyoning eng yaxshi me'mori nomi ma'lum qilindi
XX asrning eng nufuzli me'morlaridan biri Balkrishna Doshi 2018 yilning Prittsker mukofoti sovrindori bo‘ldi. Bu haqida 7 mart kuni mukofot rasmiy saytida ma'lum qilindi.
Hakamlar hay'ati Doshining hech qachon zamonaviy tendensiyalarga ko‘r-ko‘rona ergashmasligini alohida qayd etib, arxitektor ishining jiddiyligiga e'tibor qaratdi. U mazkur mukofotga sazovor bo‘lgan birinchi hind me'mori bo‘ldi.
Doshi 1927 yilda dunyoga kelgan, uning sohadagi tajribasiga 70 yil bo‘ldi. U Vastu-Shilpa byurosini boshqaradi hamda me'morchilik modernizmi va funksionalizmi pioneri Le Korbyuze bilan qo‘shma loyihalar ustida ishlagan.
"Mening ishlarim — mening hayotim, falsafam va orzularimning davomi, me'morchilik nafasi durdonasini yaratishga bo‘lgan urinishlarim, - deydi Doshi. - Bu mukofot uchun Le Korbyuzedan minnatdorman".
Doshining asosiy loyihalari — o‘zi asos solgan va loyihalashtirgan Ahmadobod me'morchilik maktabi (1966) hamda Indoradagi 80 ming kishiga mo‘ljallangan hamyonbop turar-joy kompleksi.
Professor Balkrishna Doshiga mukofotni topshirish rasmiy marosimi 2018 yilning 16 may kuni Kanadaning Toronto shahrida bo‘lib o‘tadi.
Prittsker mukofoti — har yili me'morchilik sohasidagi yutuqlari uchun topshiriluvchi mukofot, Nobel va "Oskar" mukofotlarining o‘ziga xos muqobili hisoblanadi. Mukofot 1979 yilda Jyey Prittsker tomonidan ta'sis etilgan. U Prittskerlar oilasi tomonidan boshqariluvchi Hyatt fondi tomonidan moliyalashtiriladi (Hyatt mehmonxonalar tarmog‘i ham shu oila vakillariga tegishli).
Mukofot sovrindori an'anaga ko‘ra 100 ming dollar miqdoridagi pul mukofoti va bronza medal bilan taqdirlanadi.