20:50 / 07.03.2018
16948

Krishtianu to‘xtovsiz gol urmoqda. Ronalduning YeChLdagi natijalari

Foto: Romain Perrocheau/Getty Images

Dekabr oyida Krishtianu Ronaldu Chempionlar ligasi rekordini o‘rnatdi – u turnirning guruh bosqichidagi barcha o‘yinlarda gol urdi. Ammo «Real» hujumchisining samaradorlik ko‘rsatkichi YeChL pley-offida ham davom etmoqda. Portugaliyalik futbolchi 1/8 finalda «PSJ»ga qarshi o‘yinlarda 3ta gol urdi. Endi «Oltin to‘p»ning 5 karra sohibida joriy mavsumdagi 8 o‘yinda urilgan 12 gol bor! Taqqoslash uchun, bu mavsumda «MYu» YeChL o‘yinlarida 12ta gol urdi, «Sevilya»da 12, «Barselona»da 10, «Roma»da 10, «Yuventus»da 9ta gol.

Ronaldu turnirning avvalgi mavsumlarida «qaymoqranglilar» jamoasi uchun qanchadan gol urgan?

2009/10 yilgi mavsum – 7 gol
«Real»dagi birinchi mavsumida portugaliyalik futbolchi jamoa bilan 1/8 finalgacha yetib borgan, shu bosqichda madridliklar ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra «Lion»ga mag‘lub bo‘lgan. Ronaldu turnirning o‘sha mavsumida faqat 6 o‘yinda qatnashgan (ikki o‘yinni u tovonidagi jarohat tufayli o‘tkazib yuborgandi) va jami 7 gol urgan. U guruh bosqichida «Marsel»ga ikki marta dubl qayd etgan «Tsyurix» darvozasini ikki marta ishg‘ol etgan, yettinchi golni «Lion»ga urgan.

2010/11 yilgi mavsum – 6 gol
Keyingi yili Krishtianu Chempionlar ligasida 12 o‘yin o‘tkazdi. «Real» yarim finalga chiqdi va «Barselona»ga duch keldi. Katalonlar jamoasiga qarshi o‘yinlarda u gol urmadi, chorak finalda «Tottenhem»ga qarshi har ikki o‘yinda bittadan gol urdi. Bundan tashqari u «Ayaks»ga ikkita, «Milan» va «Oser»ga bittadan gol urgandi.

2011/12 yilgi mavsum – 10 gol
«Real» va Ronaldu yana yarim finalda to‘xtatildi, bu safar «Bavariya» tomonidan. Krishtianu guruh bosqichida ikki o‘yinda qatnasha olmadi. U 10 o‘yinda 10ta gol urdi. Portugaliyalik futbolchi bu o‘yinlarda 4 marta dublga erishdi – «Lion», TsSKA, APOEL va «Bavariya»ga qarshi o‘yinlarda. U shuningdek, «Ayaks» va TsSKA bilan bo‘lgan o‘yinlarda bittadan gol urdi.

2012/13 yilgi mavsum – 12 gol
«Real» yana Chempionlar ligasi yarim finalida yurishini to‘xtatdi, Yurgen Klopp boshchiligidagi Dortmundning «Borussiya»si bu safar madridliklar yo‘lidan chiqqandi. Ronaldu bu mavsumda ham har o‘yinda o‘rtacha bittadan gol urgandi. Guruh bosqichida u to‘rt marta «Ayaks» darvozasini ishg‘ol qildi (Amsterdamda het-trik va Madridda bitta aniq zarba), «Manchester Siti» va Dortmundning «Borussiya»siga bittadan gol urdi. Pley-offda Krishtianudan uning sobiq klubi «Manchester Yunayted» jabrlandi (ikki marta), u «Galatasaroy»ga (uchta) va Dortmundning «Borussiya»siga (bitta) ham gollar urdi.

2013/14 yilgi mavsum – 17 gol
Ronalduning Chempionlar ligasidagi eng yaxshi mavsumi! 17 golni urish uchun unga 11 o‘yin kifoya qildi. Portugaliyalik futbolchi bu mavsumda «Real» bilan ilk marta kubokni qo‘lga kiritdi, finalda «Atletiko» mag‘lub etildi. Krishtianu turnirni «Galatasaroy» darvozasiga het-trik qayd etish bilan boshladi, «Kopengagen» va «Yuventus» darvozalariga ikkitadan gol urdi. Ikkinchi davrada, javob o‘yinlarida ham italyanlar va daniyaliklar darvozalari bir martadan ishg‘ol etildi. 1/8 finalda «Shalke»ga qarshi ikki o‘yinda ham dubl. Chorak finalda u Dortmundning «Borussiya»si darvozasini bir marta ishg‘ol etdi, yarim finalda «Bavariya» darvozasiga ikkita gol urdi, finalda madridlik qo‘shnilar yirik hisobda mag‘lub etilishini ta'minladi.

2014/15 yilgi mavsum – 10 gol
2015 yilda «qaymoqranglilar» yarim finalda «Yuventus» to‘sig‘idan o‘ta olmagandi. Krishtiano 12 o‘yinda 10 gol urishga erishgan. U 1/8 finalda «Shalke»ga qarshi javob o‘yinidagina dubl qayd etgan, boshqa o‘yinlarda bittadan ortiq gol urmagandi. Ronaldu «Shalke», «Bazel», «Ludogorets», «Liverpul», yana «Bazelyu» va «Ludogordets» va nihoyat, «Yuventus»ga qarshi Turinda hamda Madridda kechgan o‘yinlarda bittadan gol urgan.

2015/16 yilgi mavsum – 16 gol
Chempionlar ligasida Ronaldu uchun yana bir ajoyib mavsum, bu mavsumni finalda «Atletiko»ga qarshi o‘yindagi g‘alaba bezadi. Portugaliyalik futbolchi 12 o‘yinda maydonga tushib, bu o‘yinlarning 7tasida maydonni golsiz tark etmadi. U guruh bosqichida Madridda «Malmyo»ga qarshi kechgan o‘yinda poker qayd etdi, «Shaxtyor» va «Volfsburg»ga qarshi uy o‘yinlarida 3tadan gol urdi, «Malmyo» va «Shaxtyor»ga qarshi safar o‘yinlarida dubllarni nishonladi, bundan tashqari 1/8 finalda «Roma»ga qarshi o‘yinda raqib darvozabonini ranjitdi.

2016/17 yilgi mavsum – 12 gol
O‘tgan mavsumda Ronaldu 13 o‘yinda 12 gol urgan, «Real» esa yana bir bora Yevropaning eng kuchli jamoasi bo‘lgandi, finalda «Yuventus» yirik hisobda taslim etilgan – 4:1. Final o‘yinida Krishtianu Janluiji Buffon darvozasiga ikki gol yo‘llagan. Ungacha esa «Bavariya»ga chorak finaldagi ikki o‘yinda jami 5 gol urgan (dubl va het-trik), yarim finalda «Atletiko» darvozasini 3 bor aniq nishonga olgan. Qiziq tomoni, u guruh bosqichida sermahsullik ko‘rsatmagan, faqat «Sporting» va Dortmundning «Borussiya» jamoalariga bittadan gol urgandi.

Ronaldu hisobida endilikda Chempionlar ligasi o‘yinlarida «Real» uchun urilgan 102ta gol mavjud!

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top