Jahon | 23:40 / 07.03.2018
41524
3 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyev ayollar dunyoni boshqarganda nima bo‘lishi haqida

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev 8-mart Xotin-qizlar bayrami munosabati bilan so‘zlagan nutqida dunyoni ayollar boshqargan taqdirda vaziyat qanday bo‘lishi borasida fikr bildirdi, deya xabar berdi NUR.KZ.

"Bugun yosh avlodning ta'lim va tarbiya tizimi sizning nozik yelkalaringizdadir. Aynan siz farzandlarimiz haqidagi asosiy g‘amxo‘rlikni o‘z zimmangizga olasiz, ularning dunyoqarashini shakllantirasiz, ularda o‘ziga va qilayotgan ishlariga bo‘lgan ishonchni hosil qilasiz.

Bizning ayollarimiz sharqona donishmandlik, g‘arbiy ishbilarmonlikni o‘zlarida mujassam qilishgan - bularning bari o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni oshiradi.

Barcha davlatlarni ayollar boshqarsa, nima bo‘ladi? Dunyoda urush bo‘lmasligi aniq, hamma joyda tinchlik, lekin o‘zaro bir-biri bilan gaplashmaydigan mamlakatlar talaygina bo‘lardi", - deya hazillashdi prezident.

U ayollar oila a'zolari uchun qayg‘urish, ishdagi burchlaridan tashqari yana o‘zlariga qarab yurishlari kerakligini va qanday qilib bularning bariga ulgurishlaridan hayratda ekanini qo‘shimcha qildi.

Umuman olganda, Nursulton Nazarboyev ayollarni Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan tabriklagan nutqida ko‘p hazillashdi - jumladan, ikki dugona va o‘g‘irlangan smartfon haqida latifa aytib berdi:

"Bir kuni ikki dugona uchrashishibdi. Ulardan biri boshqasiga arz qilibdi - yangi smartfonni sotib olishim bilanoq o‘g‘irlatib qo‘ydim.

Dugonasi javob beribdi - men esa telefon kitobchamda "turmush o‘rtog‘im" degan joyiga formadagi politsiya boshlig‘ining surati, "aka" degan nom ostida esa - boks bo‘yicha jahon chempionining suratini qo‘yib qo‘ydim. Telefonimni bir necha marta o‘g‘irlashgan, lekin har safar uzr so‘rab, yaxshi tilaklar bildirib qaytarib berishadi", - dermish.

"Aslini olganda 8-mart - har bir haqiqiy erkak o‘zining samimiy va nozik jihatlarini namoyon qilishi uchun ajoyib imkoniyatdir", - dedi Nazarboyev.

 

Mavzuga oid