Fan-texnika | 20:40 / 07.03.2018
8552
2 daqiqa o‘qiladi

Singapurda terrorchilarga qarshi o‘qotar dronlar yaratilmoqda

Foto IHS Markit/Kelvin Wong

Singapurning ST Kinetics qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyasi o‘qotar qurol bilan jihozlanuvchi uchuvchisiz uchar qurilmalar qatorini yaratishni boshladi. Kompaniya ushbu dronlar ustidagi ishlarni Singapur hukumati uchun amalga oshirmoqda. Rejalarga ko‘ra, bunday hujumkor dronlar politsiyachilarga terrorchilarga qarshi kurashda yordam beradi.

Taxmin qilinishicha, qurilmalar o‘qotar qurol bilan jihozlangan kichik dronlar bo‘ladi. Ayni vaqtda bunday texnika deyarli ishlab chiqarilmaydi – harbiylar katta o‘lchamdagi dronlarni afzal qo‘rishadi va ularga asosan raketa-bomba qurollari qo‘yiladi.

Kompaniya loyiha doirasida yaratadigan ilk qurilma 8 vintli Stinger multikopteri bo‘ladi. Qurilma teplovizor, yuqori aniqlikdagi videokamera va kalibri 5,56 millimetr bo‘lgan, o‘qdoni 100 ta o‘qqa mo‘ljallangan Ultimax 100 Mk.8 pulemyoti bilan jihozlanadi. Dron to‘liq jangovar ta'minlangan holda 30 daqiqacha parvoz qiladi.

Bunday dronlar politsiya bo‘linmalariga zarba beruvchi ko‘mak ko‘rsata oladi. U samarali bo‘ladi, chunki ko‘plab jinoyatchilar dronlarga qarshi zamonaviy qurolga ega emas.

Mavzuga oid