Jamiyat | 19:03 / 09.03.2018
64262
4 daqiqa o‘qiladi

Viloyat hokimining qarori yaqinni uzoq qilmoqda

Xalqimizda “Olis yo‘l otni sinar, og‘ir yo‘l mardni sinar”, “Hunar bilgan och qolmas, yo‘l tanigan kech qolmas” degan naqllar bekorga aytilmagan. Umuman, yo‘l qurish va uzoqni yaqin qilish borasida maqollar ko‘p. Hatto, yo‘l, ko‘prik qurish savobi katta ekanligi yoshligimizdan ongimizga singdirilgan. Shu bois, Qashqadaryo viloyatidan tushgan murojaatlardan biri aynan yo‘l bilan bog‘liqligi e'tiborimizni tortdi. 

Ma'lum bo‘lishicha, Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyevning qarori bilan 4R79 “Qarshi-Chim-Chiroqchi-Shahrisabz” yo‘lida mulkchilik shaklidan qat'inazar to‘la vazni 9.0 tonna va undan ortiq bo‘lgan yuk mashinalarining harakatlanishi taqiqlangan. Bu yo‘lda yuk mashinalarining harakatlanishi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan hamda 2016 yil 1 martidan e'tiboran kuchga kirgan yangi tahrirdagi “Yo‘l harakati qoidalari”da keltirilgan 3.4 raqamli yo‘l belgisi bilan tartibga solingan. Shahrisabzdan Qarshiga kelarkanmiz, bunga o‘zimiz bir necha marta guvoh bo‘ldik.

Hokim qarorining aholi va yuk tashish bilan shug‘ullanuvchilar orasida norozilik keltirib chiqarayotgan jihati shuki, ular qurilish mollari, tosh, shag‘al, pishiq g‘isht kabilarni bemalol olib kirishlari yoki tashishlari uchun imkoniyatning umuman qolmagan. Haydovchilar va ushbu yo‘l yoqasida faoliyat yurituvchi ko‘p sonli tadbirkorlarning aytishlaricha, garchi qoidalarda istisno holatlari belgilanganiga qaramay, viloyat YPX xodimlari ushbu yo‘ldan yuk tashishga umuman imkon bermayapti. 

Xususan, biz suhbatlashgan haydovchilar mazkur yo‘l atrofidagi aholiga og‘ir yuklarni yetkazib berish, tadbirkorlik sub'yektlarining (2 ta g‘isht zavodi, boshqa turli ishlab chiqarish birlashmalari bor) mahsulotlarini tashishda qiynalishmoqda. Qolaversa, yo‘l bo‘ylab faoliyat yurituvchi tadbirkorlar ma'lum bir og‘irlikdagi mahsulotini iste'molchiga yetkazishda bitta yuk mashinasi emas, balki bir nechta avtomashinadan foydalanishga to‘g‘ri kelayotganini aytishdi. 

Haydovchilarning so‘zlariga ko‘ra, ular ushbu yo‘l yoqasidagi buyurtmachilarga mahsulotni yetkazib berish uchun “Qarshi-Chim-Chiroqchi-Shahrisabz” yo‘lidan emas, G‘uzor yoki Chiroqchi tumani orqali o‘tuvchi yo‘llardan yoki mahallalar oralig‘idagi kichik yo‘llardan foydalanishga majbur bo‘lishmoqda. Buning natijasida, “mahsulot tannarxi oshmoqda, vaqt boy berilmoqda, ortiqcha yonilg‘i sarflanmoqda”. 

Haydovchilarning aytishlaricha, ular Shahrisabz tumaniga yuk tashishlariga to‘g‘ri kelsa, G‘uzor tumani orqali o‘tuvchi yo‘ldan foydalanishlariga to‘g‘ri kelgani tufayli 70-80 km ortiqcha masofani bosib o‘tishlari kerak bo‘ladi. Bu borib-kelish uchun 120-140 km deganidir. 

Xalq o‘zi uchun noqulay qonun-qoidalarni doim aylanib o‘tishga harakat qiladi. Masalan, ushbu yo‘l bo‘ylab faoliyat yurituvchi tadbirkorlar ham taqiqqa tushmaslik maqsadida ma'lum bir og‘irlikdagi mahsulotini iste'molchiga yetkazishda bitta yuk mashinasi emas, balki bir nechta avtomashinadan foydalanishga to‘g‘ri kelayotganini aytishdi. Masalan, 24 tonnalik yukni olib o‘tishga ruxsat yo‘q, lekin tadbirkorlar garchi ularga ortiqcha xarajat bo‘lsa-da, shu yo‘ldan foydalanish uchun 8 tonnadan 3 ta mashinadan olib o‘tishga majbur bo‘lyapti.

KUN.UZ tahririyati “Qarshi-Chim-Chiroqchi-Shahrisabz” yo‘lini yopishga nima uchun qaror qilgani borasida Qashqadaryo viloyati hokimligidan izoh kutadi. 

Mavzuga oid