Sport | 19:20 / 12.03.2018
18611
2 daqiqa o‘qiladi

Gretsiya chempionati to‘xtatildi. Terma jamoa va grek klublari xalqaro turnirlardan chetlatilishi mumkin

Gretsiya Sport vaziri o‘rinbosari Georgios Vasiliadis futbol bo‘yicha mamlakat chempionatini to‘xtatish qarori qabul qilingani haqida ma'lum qildi. Bunga chempionatning 25-turi doirasida PAOK va AYeK jamoalari o‘rtasida kechgan uchrashuvda ro‘y bergan hodisa sabab bo‘ldi.

O‘yin oxirida mezbonlarning goli hakam tomonidan hisobga olinmagach, PAOK rahbari Ivan Savvidi maydonga tushib kelgandi. Uning yonida to‘pponchasi bo‘lgani e'tiborni qaratdi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Savvidi raqib jamoa vakillariga hamda o‘yin hakamiga tahdid qilgan.

«Biz chempionatni to‘xtatishga qaror qildik. O‘yinlar barcha tomonlar ishtirokida yangi tartib-qoidalar ishlab chiqilganidan keyin davom ettirilishi mumkin», deya Vasiliadisning so‘zlarini keltirgan AFP.

Bundan avvalroq UYeFA va FIFA Gretsiya chempionatida ro‘y bergan ushbu hodisani qattiq qoralagandi. ert.gr nashri ma'lumotiga ko‘ra, ushbu hodisa tufayli Gretsiya jamoalari va terma jamoa UYeFA hamda FIFA turnirlaridan chetlatilishi mumkin.

FP portali ayni vaqtda Gretsiya politsiyasi Savvidi va uning qo‘riqchilarini qidirayotgani, ular hibsga olinishi uchun order berilgani ma'lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid