Jamiyat | 14:32 / 12.03.2018
16395
4 daqiqa o‘qiladi

Navoiydagi mahallalar obod qishloqqa aylantiriladi

O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi bilan yana bir xayrli tashabbusga qo‘l urilgani, buning samarasi o‘laroq, qishloqlarda yashovchi kishilarning ham hayotiga yangi mazmun kirib kelishi, qishloqlarimizning ko‘rki va tarovati o‘zgacha ahamiyat kasb etishi haqida ilgari ham yozgan edik.

Xususan, Jizzax viloyati, Do‘stlik tumanidagi Manas qishlog‘idan boshlangan ushbu tashabbus keyin Samarqandda — Nurobod tumanining Jom qishlog‘ida davom ettirilgan.

Navoiy viloyatida ham Prezident tomonidan ilgari surilgan g‘oyaga ko‘ra 5ta tumandagi qishloqlar «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha amaldagi qonunchilik bilan belgilangan qurilish normalari va sanitariya talablariga javob bermaydigan, ta'mirtalab uylarda yashovchi oilalar ro‘yxati shakllantirilib, keng jamoatchilik va faol yoshlarni keng jalb etgan holda manfaatdor tashkilot va idoralar bilan birgalikda abgor ahvolda bo‘lgan uylarni ta'mirlash va obodonlashtirish, qishloqlarning qiyofasini o‘zgartirish maqsadida hasharlar tashkil etiladi.

Viloyatdagi ana shunday qishloqlardan biri — Xatirchi tumanidagi «Xo‘jaqo‘rg‘on» va «Miyonqol» mahalla fuqarolar yig‘inidir.

Sektor rahbari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Tursunpo‘lat Toshpo‘latov va tuman hokimi ­G‘ofir Aliyev rahbarliklarida qishloqda tuzilgan shtabda har kunlik ishlar sarhisob qilinmoqda va qilinadigan ishlar puxta rejalashtirilmoqda.

Tuman hokimi G‘ofir Aliyevning Kun.uz muxbiriga xabar qilishicha, «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha 430ga yaqin uylar to‘liq ta'mirdan chiqariladi.

Amalga oshiriladigan ishlar rejasiga ko‘ra, 6,1 km umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ta'mirlash, 2 km piyodalar yo‘lagi, 2 km suv qochirish inshooti (lotoklar), 3ta avtobus bekati, 8,2 km ichki xo‘jalik yo‘llari asfalt qoplamasi almashtiriladi.

Qishloqda shuningdek 15 km gaz quvuri, 7,5 km elektr uzatish tarmog‘i yangilanib, 128 dona beton simyog‘och o‘rnatiladi. Bitta 250 kVtli transformator o‘rnatiladi va ko‘chalar tunda ham yoritiladi. Uylar to‘liq vodorovod tizimi va ichimlik suvi bilan ta'minlanadi. Har bir uyga telefon liniyasi o‘tkaziladi.

Xo‘jaqo‘rg‘onliklar ushbu xayrli tashabbusdan juda xursand. Mahalla nuroniylarining aytishicha, ushbu qishloqning tarhi davlat arbobi Sharof Rashidov tomonidan chizib berilgan.

Mahalla ahli, ayniqsa yoshlar ham ushbu xayrli hashar ishlarida qo‘l qovushtirib qarab turishgani yo‘q. Tumandagi «Shonazar Ochilov», «Feruz Akbarovich», «Gumbaz nurli tuhfasi», «Navro‘z-D», «Barno ota binokori» kabi va boshqa fermer xo‘jaliklari ham navbati bilan obodonlashtirish va qurilish ishlarida mehnat qilayotgan 800dan ortiq mehnatkashlarni issiq ovqat bilan ta'minlab turishibdi.

Ushbu maskanni obod qilish uchun boshlangan ezgu ishlarning ibtidosiga guvoh bo‘ldik. Ishlar nihoyasiga yetgach, albatta yana bir bor ushbu qishloqda bo‘lib, bajarilgan ishlarning samarasini e'tiboringizga havola etishni ko‘ngilga tugib qaytdik.

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz muxbiri

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid