Jahon | 22:00 / 14.03.2018
29641
3 daqiqa o‘qiladi

Eng «aqlli shahar» nomi e'lon qilindi

2017 yil yakunlariga ko‘ra, Singapur sayyoraning "eng aqlli" shahri deya tan olindi. Juniper Research kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalari shundan dalolat bermoqda. 

Konsalting kompaniya Intel korporatsiyasining qo‘llab-quvvatlashi ostida o‘tkazgan tadqiqot yakunlariga ko‘ra, "aqlli shahar" tushunchasiga muvofiq keluvchi 20 shahar nomi e'lon qilingan. Gap internet-texnologiyalar maksimal darajada boshqaruv tizimiga tatbiq qilingan, shuningdek transport infratuzilmasi, sog‘liqni saqlash, jamoatchilik tartibini saqlash  tizimlarini qo‘llab-quvvatlash imkonini beruvchi aholi punktlari haqida bormoqda. Business Insider'da xabar berilishicha, reytingda ikkinchi yil ketma-ket Singapur shahar-davlati birinchi o‘rinni egallamoqda, bu safar u barcha nominatsiyalarda yetakchilik qildi. 

Masalan, Singapurda yo‘l tarmog‘i boshqa joylarga nisbatan juda yaxshi o‘ylangan, bu yo‘llardagi tirbandlikni kamaytirish va shu bilan aholi mobilligini oshirish imkonini beradi. Bunga shahar-davlatda qabul qilingan yangi avtomobil xaridi jarayonini qiyinlashtiruvchi qonunlar ham turtki beradi.

Bundan tashqari, maxsus tibbiy ilovalar insonga o‘z salomatligini doimiy nazorat qilish va masofadan turib shifokorlar bilan muloqot qilish imkonini beradi. 

Shuningdek Singapurda sodir etilgan qoidabuzarliklarga tezkor reaksiya qilish imkonini beruvchi videokuzatuv tizimi ham juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. 

Reytingda Singapurdan keyin London, Nyu-York, San-Frantsisko va Chikago nomlari keltirilgan. Xitoyning uch shahri va Hindistonning Bxubaneshvari ham yigirmatalikdan o‘rin olgan.

Ta'kidlash joizki, Singapur o‘tgan yili ham reyting yetakchisi bo‘lgan. Undan keyingi o‘rinlarda esa Barselona, London, San-Frantsisko va Oslo kelgandi. Bu yili Kataloniyaning bosh shahri to‘qqizinchi o‘rinda qayd etilgan, Norvegiya poytaxti esa umuman ro‘yxatda yo‘q. 

 

Mavzuga oid