19:40 / 15.03.2018
74959

9 tonna oltin: Yoqutistonda «yombi yomg‘iri»

Rossiyaning Yoqutistonida oltin yombilar tashib ketayotgan An-12 yuk samolyoti bilan noxush hodisa yuz berdi. Samolyot havoga ko‘tarilishi vaqtida havo oqimi uning yuk bo‘limining eshigini uzib yuborgan. Buning oqibatida uchish maydonchasiga oltin yombilar tusha boshlagan. Ta'kidlanishicha, samolyot bortida 9 tonnaga yaqin oltin bo‘lgan.

15 mart kuni yuz bergan hodisa haqida Yakutsk aeroporti saytida ma'lum qilingan. Samolyot «Nimbus» aviakompaniyasiga tegishli bo‘lib, uning yuk bo‘limi chap eshigi uzilib ketgandan keyin, ekipaj aeroportga qaytishga qaror qilgan. Samolyot parvoz oldidan soz holatda bo‘lgan va texnik xodimlar tekshiruvidan o‘tgan. Biroq aeroport saytidagi xabarda oltinlar haqida hech narsa aytilmagan.

Foto: yakutiamedia.ru
Foto: yakutiamedia.ru
Foto: yakutiamedia.ru
Foto: yakutiamedia.ru

Sakhaday.ru ma'lumotlariga ko‘ra, samolyot aynan oltin yombilar olib ketayotgan bo‘lgan va «Kupol» koni-Krasnoyarsk yo‘nalishi bo‘yicha Yakutsk aeroportida yonig‘li quyishga qo‘nish bilan uchayotgan bo‘lgan. 

Yuz bergan voqea sababli huquq-tartibot idoralari xodimlari uchish maydoni atrofidagi hududni o‘rab olib, ichkariga hech kimni kiritishmagan, aeroportda esa politsiyaning kuchaytirilgan nazorati joriy qilingan. Bu haqda guvohlarga iqtibos keltirgan holda YakutiaMedia xabar bermoqda. Taxminlarga ko‘ra, samolyot, shuningdek, brilliantlar va platina olib ketayotgan bo‘lgan. 

Ta'kidlanishicha, har biri 20 kg keladigan 172ta yombi topilgan. Biroq barcha yombilar topilgani-yo‘qligi ma'lum qilinmagan.

Hozirda yuz bergan voqea tergov qilinmoqda. RBK nashrining yozishicha, samolyotdagi qimmatbaho yukning bozor qiymati 22 mlrd rublni tashkil qiladi.

Bu orada YakutiaMedia ma'lumotlariga ko‘ra, mahalliy aholi qimmatbaho metallarni izlashga tushib ketgan. Ma'lum bo‘lishicha, oltinlar to‘kilgan hudud maydoni bir necha kvadrat kilometrni tashkil qiladi. Guvohlarning ma'lum qilishicha, odamlar hudud bo‘ylab qor titib yurishibdi, ijtimoiy tarmoqlarda esa oltinlar to‘kilgan hudud belgilangan xarita ham paydo bo‘lishga ulgurgan.

Mavzuga oid
Top