14:25 / 22.03.2018
15530

Keniyaga qarshi uchrashuv uchun bepul tarqatilishi kerak bo‘lgan chiptalar 40 ming so‘mgacha sotilmoqda

«Sog‘lom avlod» stadioni/Foto: FC Andijon

O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Keniya olimpiya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi uchun chiqarilgan chiptalar chayqovchilar qo‘lida pullanmoqda.

Tribuna.Uz manbasi bergan xabarga ko‘ra, Andijondagi «Sog‘lom avlod» stadionida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvga kirish aslida bepul qilib qo‘yilgandi. Unga ko‘ra, istalgan muxlis uchun chiptalar tarqatilishi lozim edi. Ammo olingan ma'lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda stadion atrofida chiptalar turli chayqovchilar tomonidan 40 ming so‘mgacha bo‘lgan narxlarda sotilmoqda.

«Chiptalar tekin bo‘ladi deyishgandi. Kelsak, hech qanday tekin chiptalar yo‘q. Faqat qo‘lda 40 ming so‘mdan sotishyapti. Bunaqa tekin chiptadan ko‘ra, arzonroq narxda kassaga chiqarishganda hozir sotib olib, ertangi o‘yinni kutib o‘tirgan bo‘lardik. Endi esa tekin deyilgan chiptalarni ko‘z oldimizda 40 ming so‘mga taklif qilishmoqda», degan andijonlik muxlis.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Keniyaning 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilari o‘rtasidagi birinchi o‘rtoqlik uchrashuvi ertaga Andijonda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgandi.

Top