O‘zbekiston | 23:50 / 23.03.2018
37257
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident videoselektorda 5 sotix yerdan 30 mln so‘m daromad olgan dehqonni namuna qildi

Bugun, 23 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida qishloq xo‘jaligini jadal rivojlantirish va islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha ishlar natijadorligi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish kun tartibidagi aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, «Tomorqa xizmati» tuzilmalarining afzalliklari, tomorqada aholining mehnat bandligini ta'minlash masalasi keng muhokama qilindi.

«Kun.uz» muxbirining xabar berishicha, Shavkat Mirziyoyev tomonidan mazkur yo‘nalishda yetarli daraja ish olib bora olmayotgan mahalliy hokimiyat vakillari tanqid ostiga olindi.

«Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarida aholining tomorqa yerlaridan foydalanish holatini o‘rgandik. Afsuski, Ishtixon tumanidagi Xina qishlog‘ida aholining aksariyat qismining 8-10 va undan ham ko‘p sotix yeri bo‘lsada, hech narsa ekmagan, uquvi ham, xohishi ham yo‘q. Hokimlar va sektor rahbarlari ekin ekib, daromad olishga o‘rgatmagan.

Vaholanki, kichik tomorqadan katta daromad olib, oilasini boqayotgan qanchadan-qancha tadbirli, fidoyi odamlarimiz bor. Ulardan o‘rnak olsa bo‘lmaydimi? Masalan, Oltiariq tumani, "Uzumchi" mahallasida yashovchi Isoqjon Boyqulov 5 sotix tomorqasida yiliga uch marta sabzavot yetishtirib, 30 million so‘m daromad olgan. O‘rganishlarda Buxoro viloyatidagi 8,5 ming gektar, Navoiy viloyatidagi 5,8 ming gektar tomorqa yerlariga hech narsa ekilmagani aniqlanib, meva-sabzovot ekish ishlari tashkil qilindi. Samarqand viloyatida bir hafta davomida o‘tkazilgan tekshirishlar davomida 1 ming gektar tomorqa yerlariga hech narsa ekilmagani aniqlandi», degan Prezident.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid