20:33 / 24.03.2018
8366

O‘zbekiston Kubogi yangi formatda - klublar savatchalarga ajratilmaydi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi mamlakat kubogi bahslari formatini yana o‘zgartirdi.

Bu haqda PFL sayti xabar bermoqda.

Turnirda Superliganing 12ta hamda Pro-liganing 18ta jamoasi g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

“Lokomotiv”, “Nasaf”, “Paxtakor” va “Bunyodkor” klublari musobaqaga 1/8 final bosqichidan qo‘shiladi. Biroq endi ular o‘zlarining bo‘lajak raqiblari haqida oldindan ma'lumotga ega bo‘lmaydi.

Kubok bellashuvlari 1/32 final bosqichidan boshlanadi. Unda “Sherdor” hamda “Labsa” jamoalari va “Nurafshon-S” hamda “Iftixor” klublari bellashadi.

Kubokning yangi formatiga ko‘ra, yarimfinalga qadar barcha uchrashuvlar faqatgina bitta uchrashuvdan iborat bo‘ladi va unda mezbon jamoa nomini qur'a aniqlab beradi. Pro-liga klubining futbol maydoni talabga javob bermasa, u o‘z viloyatidagi asosiy maydonda o‘ynashi mumkin.

Ikkinchi saralash bosqichida yuqoridagi ikki juftlik g‘olibi hamda Superliganing 8 ta, Pro-liganing 14 ta jamoasi — jami 24 ta klub ishtirok etadi. Bunda jamoalar hech qanday savatga ajratilmaydi. Savatchadan birinchi tortilgan jamoa mezbon maqomini qo‘lga kiritsa, keyingisi uning raqibiga aylanadi.

Mana shu 12ta juftlik g‘olibi 1/8 finalga yo‘llanma oladi hamda yuqoridagi kvartetga qo‘shiladi. Qur'a bu bosqichda ham istalgan klubni bir-biriga raqib qilishi mumkin. PFL hamda “Sport” telekanali o‘zaro kelishib, qur'a shaffof o‘tishi uchun 1/8 finaldan boshlab jarayonni jonli namoyish etishga harakat qiladi.

Bunga qadar O‘zbekiston Kubogida tabaqalanish mavjud bo‘lib, jamoalar finalgacha duch kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy raqiblari haqida ma'lumotga ega bo‘lgan. Endilikda esa hech bir klubda bunday imkoniyat bo‘lmaydi. Yarimfinal bellashuvlarigina uy-safar tizimida o‘tadi.

PFL Pro-liganing o‘zgartirilgan formatiga qur'a tashlash marosimini 27 mart — seshanba kuni o‘tkazadi. O‘zbekiston Kubogining 1/16 finaliga ham shu kuni qur'a tashlanadi. Shuningdek, birinchi saralash bosqichi bellashuvlari qachon va qayerda o‘tishiga oydinlik kiritiladi.   

Qayd etish kerak, O‘zbekiston Kubogida g‘olib chiqqan jamoa Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top