Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nurobodda ish o‘rni yaratmoqchi bo‘layotgan tadbirkorning ishiga to‘g‘anoq bo‘lishmoqda
Yurtimizda ijtimoiy iqtisodiy sohalarda olib borilayotgan keng qamroqli islohotlarning bosh maqsadi — xalqning farovonligini oshirish, joylarda ish o‘rinlarini ko‘paytirish, qishloq yoshlarini foydali mehnatga jalb etish bo‘lib kelmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning «ikkita ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘taraman», degan purma'no so‘zlari barchaga ishonch va umid baxsh etdi.

Samarqand viloyati, Nurobod tumanining Nurbuloq shaharchasida istiqomat qilayotgan yakka tartibdagi tadbirkor Sunnat Shomurodov ham ayni payda shaharchada turli do‘konlar, sartaroshxona, qassobxona, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasi tashkil etib, el og‘irini yengil qilib kelayotgan mahalliy ishbilarmonlardan. U bizga o‘zini qiynayotgan muammo bilan murojaat qildi va biz voqeani o‘z joyida o‘rganish uchun Nurbuloq shaharchasiga yo‘l oldik.
58 yoshli tadbirkor Sunnat Shomurodovning endigi maqsadi — o‘zi qurib ishlatayotgan korxonalarning orqa qismida qandolat sexi va mehmonxona qurib, tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirishdan iborat edi.
Shu maqsadda u 2012 yilda 27 dekabrda «O‘zAeroNavigatsiya» markazining tashlandiq bo‘lib yotgan yer maydonidan 2 sotix yerni Nurobod tuman hokimining 566-sonli qarori bilan rasmiylashtirib oladi. Shundan so‘ng tegishli tashkilotlar rejani o‘lchab chizib, qoziq qoqib berishadi. Inshootning arxitektura-loyiha topshirig‘i va boshqa hujjatlar tayyorlandi. Tegishli idoralarning barchasidan ruxsat olingan. Chizmalar ostida o‘sha paytda faoliyat ko‘rsatib turgan «O‘zaeronavgiatsiya» markazining e'tirozi yo‘qligi haqidagi imzosi va muhri ham turibdi.
2016 yilda tuman hokimining ushbu yer maydoniga egalik huquqini berish haqidagi qarori ham chiqadi.


Biroq, ma'lum bo‘ladiki «O‘zAeroNavigatsiya» markazi tugatilgach, unga tegishli yer joylar tuman zaxirasiga olingan va 2015 yil noyabr oyida yer maydoni to‘liq shaharchada istiqomat qiluvchi boshqa bir yakka tartibdagi tadbirkor Zohid Boliyevga tuman hokimining 631-sonli qarori bilan rasmiylashtirib beriladi.
Ana shundan so‘ng Sunnat aka Shomurodov qurilishi mo‘ljallangan inshootlarini qura olmay sarson bo‘lib kelmoqda.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi 2017 yil dekabr oyida Z.Boliyev foydasiga ajrim chiqargan.

Sud ajrimida ko‘rsatilishicha, S.Shomurodov ushbu yer maydonini noqonuniy tarzda egallab olgani qayd etib o‘tilgan. Biroq, YaTT S.Shomurodovda ushbu yerga egalik huquqini beruvchi barcha hujjatlar bor. Boz ustiga, hokimlik qarori va boshqa hujjatlar sanasiga ko‘ra yer maydoni S.Shomurodovga birinchi bo‘lib berilganini ko‘rsatib turibdi. Sud nega bu vajlarni inobatga olmagani bizga noma'lum.
Biz s'yomka qilgan kuni Z.Boliyevga tegishli yer maydoni qarorsiz ahvolda, axlatxonaga aylanib turganining guvohi bo‘ldik. Nurobod tuman hokimligiga kim aziz: yerni olib 29 oydan buyon hech bir ish qilmagan insonmi yoki korxona ochaman, mahalla yigit qizlarini ish bilan ta'minlayman, tuman byudjyetiga soliq to‘lashni ko‘paytiraman, degan tadbirkormi?

Sunnat Shomurodov xarid qilib qo‘ygan qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan dastgohlar hali yap-yangi, ishlatilmay turibdi. Hozir unda mavjud binolar esa SanPin me'yorlariga mos kelmaydi. Uning uchun aynan yangi bino qurilishi kerak. Bino esa qurilmay turibdi...
O‘ylaymizki, Nurobod tuman hokimligi mavjud qonunchilik doirasida ushbu chigal masalani hal qiladi, ishlayman degan tadbirkorga imkoniyat yaratadi va tegishli choralar ko‘radi. Kun.uz ushbu mavzuga yana qaytadi.
Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz jurnalisti.
Mavzuga oid
11:21 / 20.04.2026
Parvarish xizmati ko‘rsatuvchi tadbirkorlar 2030 yilgacha soliqdan ozod etiladi
12:15 / 10.04.2026
Xorazmda 7 ming so‘mdan palov sotgan tadbirkor jarimaga tortildi
11:47 / 09.04.2026
“Obnalchi” korxonaning soliq majburiyati halol tadbirkor gardaniga yuklanyapti” – tadbirkorlar Soliq qo‘mitasidan norozi
20:57 / 03.04.2026