Kun.uz pochtasiga aholidan yuzlab murojaatlar kelib tushmoqda va ijodiy guruhimiz imkon qadar barchasini o‘rganib chiqish payidan bo‘lmoqda. E'tiborlisi, murojaatlar ichida shaxsiy muammolardan tashqari, yechimi jamiyatimiz uchun foydali bo‘ladiganlari ham sekin-asta ko‘payib bormoqda.
Buxoro viloyatiga ijodiy safarimiz chog‘ida bizga bu ko‘hna shahardagi «Namozgoh masjidi» tarixiy obidasining ahvoli haqida xat kelib tushdi. Yo‘l-yo‘lakay mazkur obida manziliga to‘xtab o‘tdik va guvoh bo‘lgan manzaramizdan dahshatga tushdik.


Mamalkatimizda turizmga berilayotgan katta e'tibor fonida ko‘hna shahrimizdagi asriy osori atiqalardan birining bu ahvolda qarovsiz yotganini qanday izohlash mumkin?
Dastavval, Buxoroi sharifdagi Namozgoh masjidi tarixi xaqida so‘zlasak. «Namozgoh» masjidi Buxoroning janubi-g‘arbida 1119 yili kurilgan. Namozgoh so‘zi namoz o‘qiladigan joy ma'nosini bildirib, ahlok qoidalari chegarasidagi tabarruk amaldir. Namozgoh toza joyda ibodatni ta'minlash maqsadida xona ko‘rinishida bo‘lgani kabi musulmonlarning joynamozi bo‘lishi ham mumkin. Namozgoh — namoz ibodatini odamlar to‘dasi, butun aholi va safardagi qo‘shinlar bajarishi uchun ta'minlab beruvchi joydir.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, namozgohning butun maydoni baland g‘ishtli devor bilan o‘ralgan, o‘rtasida mehrob va yonida imom va'z kiladigan minbar bo‘lgan. Binoning oldida yog‘och ustunli yengil shiypon qurilgan. Nafis naqshlar va yozuvlar xamda o‘ymakorlik bilan bezalgan mehrobning qoldiqlari hozir ham saqlanib qolgan.



Sohibqiron Amur Temur buyrug‘i bilan butun mehrob atrofidagi devor va bitilgan yozuvlar ta'mirlanib, rangdor koshinburush (terrakota) bilan qoplangan. XVI asrda Shayboniyxonlar sulolasi vakili Abdulloxon ibn Iskandar tarafidan (1551–1598) jiddiy qayta qurish amalga oshirilib, old qismida baland qubbali ayvon bilan uch oraliq peshayvon qurilgan, yoniga esa yangi minbar o‘rnatilgan. Masjid minbaridan mashhur ulamolar xutba o‘qiganlar. Shuni aytish joizki, Namozgoh masjidi shu davrning ko‘pgina mojarolarida sulh tuzish maydoni vazifasini ham bajargan.



















