O‘zbekiston | 19:50 / 30.03.2018
24471
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Jizzaxdagi «Obod qishloq»ni borib ko‘rdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga tashrifi davomida Do‘stlik tumani, Manas qishlog‘ida bo‘lib «Obod qishloq» dasturi asosida amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. 

«Chekka hududda joylashgan bu qishloq e'tibordan chetda qolgan edi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu yerda keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirildi. 34 ta ko‘p qavatli uyning tomi to‘liq qayta yopildi, rejasiz qurib tashlangan ko‘rimsiz narsalar olib tashlanib, yangidan yordamchi binolar qurildi. Savdo va maishiy xizmat shoxobchalari qurildi.

Atrofga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. 

Aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida 6,5 kilometr uzunlikdagi suv quvuri yotqizildi. 41 kilometr uzunlikdagi kollektor-drenaj tarmoqlarida tozalandi», deyilgan prezident matbuot xizmati xabarida

Shuningdek, ayollarni ish bilan ta'minlash maqsadida ikkita tikuvchilik sexi ishga tushirilib, 120 nafardan ziyod xotin-qiz ish bilan ta'minlandi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qishloq vrachlik punkti o‘rnida zamonaviy oilaviy poliklinika bunyod etilgan. Prezident ushbu poliklinikani kirib ko‘rib, aholi salomatligini saqlash, kasalliklarni profilaktika qilish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar bergan.

Qishloqda ikkita umumta'lim maktabi va maktabgacha ta'lim muassasalari to‘liq ta'mirlanib, qayta jihozlangan, 17ta bolalar maydonchasi qurilgan, minifutbol maydonlari, 250 o‘rinli stadion barpo etilgan.

Shavkat Mirziyoyev maktabgacha ta'lim muassasasida bo‘ldi. 

«Maktabgacha ta'lim tizimiga katta e'tibor qaratyapmiz, hamma joyda zamonaviy bog‘chalar quryapmiz. Lekin uning fayzi, barakasi, asosiy maqsad-muddaosi tarbiyada. Farzandlarimizni bolalikdan yaxshi tarbiyalasak, o‘z yo‘lini, ishini topib ketadi», degan prezident.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari yangi qurilib, foydalanishga topshirilgan novvoyxonaga ham kirgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 29 martdagi «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida»gi Farmoni mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tildi.

«Bu ishlar aholi turmush tarzini yaxshilaydi, yurtimizni obod qiladi. Eng muhimi, odamlarning dunyoqarashini o‘zgartiradi», degan Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid