O‘zbekiston | 18:10 / 30.03.2018
4227
2 daqiqa o‘qiladi

TIV rahbari BMT Bosh kotibi maxsus vakili bilan uchrashuv o‘tkazdi

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

2018 yilning 30 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatga tashrif buyurgan BMT Bosh kotibi Maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha Mintaqaviy markazi rahbari Natalya Germanni qabul qildi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar bermoqda.

Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusidagi xalqaro konferensiyada BMT delegatsiyasi tarkibida ishtirok etgan Natalya German O‘zbekiston rahbariyatini mintaqa uchun muhim bo‘lgan Toshkent forumining muvaffaqiyatli o‘tkazilishi munosabati bilan tabrikladi. 

Natalya Germanning qayd etishicha, konferensiya deklaratsiyasining yakdillik bilan qabul qilinishi – O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston muammosini hal qilish bo‘yicha uzoq istiqbolni ko‘zlagan tashabbuslarini qo‘llab quvvatlanishidir.

Bo‘lib o‘tgan suhbat davomida O‘zbekiston va BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha Mintaqaviy markazi o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston TIV rahbari Markaziy Osiyodagi transchegaraviy suv muammosini hal qilish bo‘yicha BMTning va shaxsan Bosh kotibning sa'y-harakatlari, jumladan Amudaryo va Sirdaryo basseynidagi suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha Mintaqaviy markazi tomonidan ishlab chiqilgan konvensiyalar loyihalarini qo‘llab-quvvatladi.

Uchrashuvda mintaqa kun tartibidagi boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

Mavzuga oid