Jahon | 21:28 / 31.03.2018
6642
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya yangi yadroviy sinovlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda – Yaponiya 

Foto: Reuters

Shimoliy Koreya yangi yadroviy sinovlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda Yaponiya tashqi ishlar vaziri Taro Konoga iqtibos keltirgan holda Kyodo axborot agentligi xabar bermoqda. 

“Shimoliy Koreya avvalgi sinovlar o‘tkazilgan sinov poligonidagi tunneldan tuproqni olib chiqmoqda va keyingi yadroviy sinovga tayyorlanish uchun barcha ishlarni amalga oshirmoqda”, deb aytgan Kono. Uning aytishicha, Yaponiya hukumati AQSh sun'iy yo‘ldoshi tomonidan olingan suratlarga asoslanib, bunday xulosaga kelgan.

Vazirning ta'kidlashicha, Pxenyan bu harakatlari bilan o‘z yadroviy qurolidan voz kechish niyatidamasligini ko‘rsatmoqda. Kono shu sababli Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In uchrashuvini o‘tkazish uchun shoshilishga zarurat yo‘q, degan fikrni bildirmoqda.

Mart oxirida Kim Chen In Pekinga tashrif buyurib, Xitoy rahbariyatining qo‘llab-quvvatlashi va ikki davlat o‘rtasida abadiy do‘stlikka va'dasini olgan.  

Mart boshida Shimoliy Koreya mamlakatga tashqi tahdidlardan xavfsizlik kafolatlansa, yadroviy quroldan voz kechishga qarshimasligini va AQSh bilan yadroviy qurolsizlantirish va munosabatlarni tiklash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishini aytgan.  

Shimoliy Koreya oxirgi marta 2017 yil 28 noyabrda raketa sinovlarini o‘tkazgandi.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid