O‘zbekiston | 23:48 / 31.03.2018
27984
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik yosh olim xalqaro mukofotga sazovor bo‘ldi

Janubiy Koreyaning “Yonnam” universiteti professori, namanganlik yosh, iqtidorli olim Alisher Dadaxonov nufuzli “Marquis” noshirlik uyining xalqaro Albert Nelson Markis nomidagi “Marquis Who’s Who in the World” mukofotiga sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston tarixida ilk bor ushbu nufuzli xalqaro mukofot yurtdoshlarimiz orasidan birinchi bo‘lib Alisher Dadaxonovga nasib etdi. 

U Toshkent davlat sharqshunoslik institutini bitirib, so‘ngra Koreyaning “Yonnam​” universitetining “biznes boshqaruvi” yo‘nalishda tahsil oldi va magistr darajasiga ega bo‘ldi. Keyinchalik esa o‘zi o‘qigan universitetda doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlab, 30 yoshida falsafa doktori (PhD) darajasiga sazovor bo‘ldi.

Kelajagi porloq bo‘lgan iste'dodli yosh olimni ustoz murabbiylari o‘zi tahsil olgan universitetda ishga qabul qilib, professor-o‘qituvchi vazifasiga tayinladi. Hozirda yosh olim dunyoning turli davlatlaridan kelgan talabalarga ta'lim bermoqda. 

Shuningdek, uning AQSh, Angliya, Yangi Zelandiya, Kanada, Koreya va Norvegiyadagi “Social Sciences Citation index” (SSCI) ruyxatida yuritiladigan “Personnel Review”, “Managemant Decision”, “Managerial Psychology”, “Career Development International”, “European Planning Studies” va boshqa bir qator shunga o‘xshash nufuzli jurnallarda biznes korxonalarini boshqaruv uslubi va xodimlarning ijodkorligi, biznes korxonalarning innovatsion faoliyatiga ta'sir qiluvchi omillar va shunga o‘xshash bir qator dolzarb mavzularda 13 ta ilmiy maqolalari chop etildi.

Foto: Alisher Dadaxonov

Bu maqolalar o‘zining muhim ahamiyati va mazmun-mohiyati bilan xalqaro ilm ahli vakillarining diqqat-eʼtiborini tortdi. Izlanuvchan olim qisqa vaqt ichida ilm-fan yo‘nalishiga qo‘shgan salmoqli natijalari uchun “Marquis Who’s Who in the World” (Markis: Dunyoda kim aslida kim) nashri sahifalaridan o‘rin oldi.

Ma'lumot o‘rnida, “Marquis Who's  Who” - qisqacha tarjimai hollarni o‘zida mujassam etgan katalogli nufuzli nashr hisoblanadi. Mazkur katalogdan dunyodagi biznes, yurisprudensiya, fan, tibbiyot, san'at, boshqaruv kabi sohalarning yuqori malakali yetakchi mutaxassislari o‘rin olgan. 

Alisher o‘zi yosh bo‘lishiga qaramasdan hozirda 3 nafar doktorant, 4 nafar magistr talabalarga murabbiy sifatida ilmiy rahbarlik qilmoqda. U shogirdlariga o‘zining ilmiy tajribasi orqali biznes boshqaruvida ilmiy maqola va dissertatsiyalar yozish sirlarini o‘rgatmoqda. Ayni vaqtda u Namangan muhandislik-qurilish institutining “Menejment” fakulteti talabalari uchun onlayn tarzida dars o‘tishni rejalashtirmoqda.

 

Mavzuga oid