23:18 / 04.04.2018
51730

Amir Temur tavallud topgan Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida nimalar bo‘layapti? - Fotoreportaj

Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumanida joylashgan, sohibqiron Amir Temur tavallud topgan Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida sarkardaning tavallud ayyomiga bag‘ishlangan ishlar qizg‘in olib borilmoqda.

Ayni paytda 6 gektarlik «Amir Temur» bog‘i barpo etilmoqda. Kelgusida ushbu bog‘ning bir qismida Amir Temur muzeyi tashkil etilishi ham rejalashtirilgan.

Bog‘ning bir qismida maydon yasalmoqda, o‘tovlar tiklanmoqda. Bu yerda 9 aprel kuni Amir Temur tavalludiga bag‘ishlangan telemarafon bo‘lib o‘tadi. Butun O‘zbekistondan san'atkorlar kelishi, xalq sayli bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Qayd etib o‘tish joizki, sohibqiron Amir Temur tavalludi ilk bor bunday e'tibor bilan, u tug‘ilgan qishloqda tashkillashtirilmoqda.

Yakkabog‘ tuman hokimi Jahongir Boboyevning hikoya qilishicha, Amir Temur Sohibqiron tavalludi avval boshdan munajjimlar tomonidan bashorat qilinadi va Kesh yaqinidagi qishloqlarda barcha homilador onalar mo‘g‘ullar tomonidan qilichdan o‘tkazila boshlanadi. Rivoyatlarga ko‘ra, Kesh xonligi kallakesarlari kela boshlagach, sohibqironning volidasi Tekina-xotin Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘i chetidagi qamishzor ichiga yashirinadi va Amir Temur shu yerdagi quduq yaqinida tug‘iladi.

«Shu quduq yaponiyalik arxeologlar tomonidan qadimiy xaritalarga ko‘ra axtarib topilgan va 1994 yilda yodgorlik o‘rnatilgan. O‘sha quduqni tikladik. Undagi suv shifobaxsh. Uning tarkibida inson organizmi uchun foydali 17 xildagi elementlar, jumladan, radon borligi aniqlandi», — deydi. J.Boboyev.

Qishloqda milodiy 711 yilda vafot etgan va xalq o‘rtasida Xo‘ja Ilg‘or nomi bilan tanilgan Xo‘ja Muhammad ibn al-Qosimning ham maqbarasi joylashgan. Maqbara 2004 yili ta'mirlangan.

Maqbara poyida «Chillabuloq» nomi bilan mashhur chashmaga ko‘zingiz tushishi mumkin. Aytishlaricha, Xo‘ja Ilg‘or jangda og‘ir yaralangach, «meni tuyamga ortinglar va u qayerda to‘xtasa, o‘sha yerda dafn qilinglar», deb vasiyat qiladi. U kishining tuyasi shu qishloqqa kelib to‘xtagach, uni yuvish uchun suv zarur bo‘ladi. Shunda uni qilichini yerga sanchishadi va ushbu buloq hosil bo‘ladi, deyilar ekan rivoyatlarda.

«Chillabuloq» suvi iste'mol uchun yaroqsiz, biroq undan teridagi turli kasalliklar va yaralarni davolashda foydalanashar ekan

Maqbara joylashgan qabristonga kiraverishda qadimiy masjid qoldiqlari, jumladan, uning qadimiy poydevori topilgan. Masjidning mehrobi esa azaldan qayerda joylashgani ma'lum, u avloddan-avlodga ta'mirlab kelinib, bizgacha yetib kelgan.

Bu maskanda 700 yoshdan oshgan tut daraxtlari, arxeologik qazish ishlari vaqtida topilgan turli toshlar va sopol bo‘laklarini uchratishingiz mumkin.

Amir Temur ko‘tarib mashq qilgan, deb ishoniladigan og‘irligi 100 kilogrammga yaqin bo‘lgan polvon tosh ham topilgan.

Ushbu maskanni ziyoratchilik va ichki turizm maskaniga aylantirish uchun katta loyihalar ishlab chiqilgan.

Xo‘ja Ilg‘orda ayni paytda ish qizg‘in. 9 aprel kuni respublikamizdagi ko‘plab jurnalistlar bilan tavallud sanasi o‘tkaziladigan ushbu maskanga Xalqaro press klub boshchiligida press-tur uyushtirilishi ham e'lon qilingan. Keyingi chiqishlarimizda bular haqida yanada batafsil hikoya qilamiz.

Shuhrat Shokirjonov

Top