22:14 / 04.04.2018
46290

Jurnalist Bobomurod Abdullayev ishida "vijdoni qiynalgan guvoh" paydo bo‘ldi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish va amaldagi hukumatni ag‘darishga urinish kabi jinoyatlarni sodir etishda ayblanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullayev 4 aprel kuni Jinoyatlar ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi binosida o‘tkazilgan navbatdagi sud majlisida guvohning xolis ekaniga shubha bildirdi. Bu haqda sud majlisida ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar beradi.

Ma'lum qilinishicha, sud majlisiga guvoh tariqasida jalb etilgan Charos Abdullayeva o‘z ko‘rsatmasida "Usmon Haqnazar taxallusi ostida yozilgan maqolalarni tarjima qilish uchun sudlanuvchi Bobomurod Abdullayevdan 100 AQSh dollari olganini" aytgan. Guvohning ta'kidlashicha, bu voqea 2005 yili yuz bergan, shunda Bobomurod eski tanishi Charosga murojaat qilib, taxminan 10 varaq matnni o‘zbek tiliga tarjima qilib berishini so‘ragan. Buyurtma tugallanganidan so‘ng, jurnalist Abdullayeva Charosga 100 AQSh dollari bergan.

"Men matnlarni o‘qib shubhalana boshladim, ammo nachora, pul kerak edi. Tarjimani qilib berdim. Oradan deyarli 13 yil o‘tib, Usmon Haqnazar taxallusi Bobomurodga tegishli ekanini bilganimda, vijdonim yo‘l qo‘ymadi: men qilgan aybimga, ya'ni mana shunday maqolani tarjima qilib berganimdan pushaymonman. Ko‘p vaqt o‘tib, (sobiq) MXX xatlar bo‘limiga 2017 yil 25 sentabrda ariza bilan murojaat etdim", deb fikrini yakunladi Abdullayeva.

Biroq, Bobomurod Abdullayev guvohning ko‘rsatmasini inkor etib, unga o‘z munosabatini bildirdi.

"Avvalgi ko‘rsatuvlarimda aytganimdek, OzodOvoz saytini tashkil etib, xalqdan kelgan murojaatlarni o‘z holicha chop etardik. Shunda Charos Abdullayeva mening rahbarligimda OzodOvoz saytida faoliyat yuritgan. U Haqnazar maqolalari uchun emas, balki murojaatlarni tahrir qilib, tarjima qilgan. Shu mehnati evaziga bir marta emas, har oyda 100 AQSh dollaridan olgan", deydi sudlanuvchi. 

Bobomurodning ta'kidlashicha, Charos Abdullayeva (sobiq) MXX xodimlarining kuchli bosimi ostida unga qarshi ko‘rsatma bermoqda. 

"Men Charosga qarshi ko‘rsatma berib, yozuvlarim ostiga imzo qo‘yganman. Faqat sanasi qo‘yilmagan hujjatga oradan ancha payt o‘tib, sentabr qilib belgilashga majburlashdi. Hammasini MXX tergovchilari o‘ylab topgan, Charosni shantaj qilib, uni qo‘rqitishgan", deydi Bobomurod. 

Keyingi sud majlisi 9 aprel kuni bo‘lib o‘tadi.​

Mavzu
Jurnalist Bobomurod Abdullayev ishi

O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish va hukumatni ag‘darish kabi jinoyatlarni amalga oshirganlikda ayblanayotgan sudlanuvchilar ishi bo‘yicha Kun.uz muxbiri sud majlisidan tayyorlagan materiallari

Barchasi
Top