Jahon | 19:24 / 05.04.2018
9149
2 daqiqa o‘qiladi

Mark Tsukerberg: "Bu ishni men boshlaganman, men boshqaraman va barchasi uchun o‘zim javobgarman"

Foto: vc.ru

Facebook asoschisi Mark Tsukerberg ijtimoiy tarmoqning 2 milliarddan ortiq foydalanuvchisi ma'lumotlari xavf ostida qolishi bilan bog‘liq xatolarni tan oldi. Biroq Tsukerberg kompaniyani boshqarishi mumkin bo‘lgan eng munosib inson uning o‘zi deb hisoblaydi. 4 aprel kuni jurnalistlar bilan kechgan konferensiyada u iste'foga chiqish niyatida emasligini ma'lum qildi.

Direktorlar kengashi Facebook rahbarining iste'fosi masalasini muhokama qilayotgani yoki yo‘qligiga doir savolga Tsukerberg bundan bexabar ekanini aytgan. Facebook'ning yirik aksiyadorlaridan biri — Nyu-York pensiya fondini boshqaruvchi moliyaviy nazoratchi Skott Stringer Tsukerbergning iste'fosini talab qilgan, u Facebook aksiyalariga 1 milliard dollar kiritgan.

Tsukerberg shuningdek 87 million foydalanuvchi ma'lumotlari tarqalishi bilan bog‘liq mojaro sabab biror xodimni ishdan bo‘shatmoqchi emasligini aytgan. "Men buni boshlaganman, men boshqaraman va bu yerda bo‘layotgan ishlar uchun o‘zim javob beraman", - degan u.

Cambridge Analytica bilan bog‘liq mojarodan keyin boshlangan foydalanuvchilarni o‘z sahifalarini o‘chirishga chaqirilgan #DeleteFacebook aksiyasi Facebook biznesiga katta ta'sir ko‘rsatmadi, qo‘shimcha qildi Tsukerberg.

Mavzuga oid