O‘zbekiston | 23:57 / 05.04.2018
43854
8 daqiqa o‘qiladi

«Palov kilogramlab sotiladi va uch barobar arzon» - O‘zbekiston tojikistonlik muxbir nigohida

Tojikistonning «Asia Plus» media portali muxbiri O‘zbekistonning oltita viloyatida mehmon bo‘lib, qo‘shni davlat qanday yashayotgani haqida hikoya qiluvchi maqola tayyorladi.

«Unga ko‘z tegmasin!». Oddiy o‘zbekistonliklar o‘zlarining prezidenti Shavkat Mirziyoyev haqida shunday deyishmoqda va respublika yo‘llaridagi blokpostlardan xalos bo‘lishmoqda.

Shunday qilib, men Toshkentga borishim kerak edi va men samolyotda emas, So‘g‘d viloyati orqali emas, u yerga borish uchun Tursunzoda shahridan keyingi chegara orqali Surxondaryo viloyatiga olib kiruvchi eng uzoq yo‘lni tanladim. Men bu yerdan Toshkentgacha deyarli ming kilometr yo‘l bosib, olti viloyat — Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hududidan o‘tishim kerak edi.

Mayda savdogarlar qimmatroq sotish mumkin bo‘lgan hamma narsani olib kelishmoqda

Viza rejimi bekor qilingach, tojik-o‘zbek chegarasini har kuni ikki tomondan 10 mingga yaqin insonlar kesib o‘tishmoqda. Endi chegara o‘tkazish punktlari gavjum va shovqin-suronli. Ular, asosan, u yoqdan bu yoqqa keng iste'moli mollari tashiyotgan savdogarlardir. Masalan, O‘zbekistondan Tojikistonga tovuq tuxumi, guruch, o‘simlik yog‘i va tekstil mahsulotlari keltirishmoqda. Tojikistondan O‘zbekistonga olma, nok, keng iste'mol mollari, changyutkich va gilamlar. Davlat chegarasining har ikki tarafida qizg‘in savdo ketayotgan mo‘'jaz bozorchalar ham paydo bo‘lgan.

Ayni paytda har ikki davlat qonunlari bojxona to‘lovlarisiz 300 dollardan ortiq bo‘lmagan mahsulotlarni olib o‘tishga izn beradi, bu esa mayda savdogarlarga harakat erkinligini yaratadi. Darvoqe, Islom Karimov davrida Toshkent O‘zbekistonga bojxona to‘lovlarisiz 10 dollardan ortiq bo‘lmagan mahsulotlarni olib kirishgagina ruxsat berilgandi.

O‘zbekiston o‘z hududiga Tojikistonning barcha fuqarolariga 2 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan pul mablag‘larini deklaratsiyadan o‘tkazmasdan olib kirishga ruxsat bergan; ilgari har qanday miqdordagi pul, qimmatbaho buyumlar majburiy tarzda deklaratsiyalanardi.

Bojxonachilarning ham ishi o‘zgargan, ular endi fuqarolarning yuklarini qo‘lda tekshirishmaydi, maxsus texnikadan foydalanishadi. Yaqin-yaqingacha tojikistonliklarning bagajini o‘zbek bojxonachilari shaxsan tekshirishardi; odamlarning poyafzallari va paypoqlari yechtirilardi, cho‘ntaklardan hamma narsa chiqarilardi.

Chegaraning har ikki tomonida chegarachilar soni ham ko‘paygan: ayni paytda Tojikiston tarafda to‘rt nafar, O‘zbekiston tarafda sakkiz nafar chegarachi ishlamoqda. Tabiiyki, qo‘shnilarimiz navbat hosil bo‘lmasligi uchun insonlar oqimini oson boshqarmoqda, ularning tojik hamkasblari biroz paysallanmoqda.

O‘zgarmagan bir narsa valyutaning faol oldi-sotdisi: so‘mlar ham somoniylar ham sotilmoqda. Lekin bu biznesga yaqin orada chek qo‘yilsa kerak: Tojikiston va O‘zbekiston qonunlariga ko‘ra, xususiy shaxslar valyuta ayriboshlash bilan shug‘ullanishlari taqiqlangan. O‘zbekiston tarafda valyuta ayriboshlash shoxobchasi ham qurib qo‘yishibdi.

Tojik kirakashlari o‘zbek taksichilaridan nimasi bilan farqlanadi?

Chegarada odamlar oqimi ko‘payishi hamono, tabiiyki, har ikki tomonda taksichilar soni ham osha boshlagan, faqat ular o‘rtasida katta farq bor. Tojikiston tarafda litsenziyaga ega bo‘lmagan kirakashlar bu bilan shug‘ullanishsa, O‘zbekistonda undaylar kam, bu yerda bu qat'iy nazorat ostida ekan.

Tojik kirakashlari barcha potensial mijozlarning qo‘lidan tortqilashadi va yo‘lkira uchun haddan ziyod narxni aytishadi (masalan, 50 kilometr joyga 25 somoniy so‘rashadi, o‘zbeklar shuncha masofaga to‘qqiz somoniy bilan eltisharkan) va hamkasblaridan kimdir pastroq narx aytsa dahanaki jang boshlanadi. O‘zbekistonda bunday holatga duch kelmaysiz.

O‘zbekiston chegarasi kesib o‘tilgach, xohlovchilarga Toshkentgacha yo‘l bo‘yidagi yuzlab kafe va restoranlar xizmat ko‘rsatar ekan. Toshkentgacha bo‘lgan ming kilometrga yaqin masofada ofitsianti uniformada bo‘lmagan birorta ovqatlanish korxonasini, o‘zim kirgan birorta oshxonada singan mebel, kir va chatnagan idishlarga ko‘zim tushmadi. U yerdagi narxlar Tojikistondagidan ikki, ba'zi joylarda uch barobar arzon ekan. Darvoqe, birorta kafeda mijozlarga xizmat ko‘rsatganlik uchun qo‘shimcha haq olinmaydi.

Sirdaryoda yo‘l bo‘yidagi kafeda bizga oshni tarozida o‘lchab berishdi. O‘zbekistondagi ba'zi kafe va restoranlarda osh vazniga qarab sotilar ekan – 100, 200 gramm yoki bir-ikki kilo osh.

Xullas, bizning yo‘l ustidagi oshxonalarimiz O‘zbekistondagilari bilan solishtirganda orqada.

«Ko‘z tegmasin! Xudo asrasin!»

Toshkentda so‘nggi marta o‘n besh yil muqaddam — 2003 yilning martida bo‘lgan ekanman. O‘shanda O‘zbekiston yo‘llarida kuchishlatar tizimlarning xodimlari juda ko‘p bo‘lardi: chegaradosh tumanlar va viloyatlar o‘rtasida militsiya, bojxona va askarlarning kuchaytirilgan blokpostlari tiklangan edi. O‘zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga ko‘ra blokpostlarning barchasi olib tashlandi. Mahalliy aholi bu chora yo‘llarda korrupsiya darajasining keskin kamayishiga xizmat qilganini aytishmoqda.

Yana bir narsa: O‘zbekistonda avtomashinalar oynasini qoraytirish mumkin emas, qoidabuzarlik 172 ming (185 somoniy) bilan jarimaga tortiladi. Biroq Toshkentga sayohatimiz davomida mehmonxonalar oldida, bozorlarda, avtoturargohlarda Tojikiston avtoraqamiga ega va oynalari qoraytirilgan ko‘plab mashinalarni ko‘rdik. Samarqand viloyatidagi O‘zbekiston YPX xodimi «yuqoridan berilgan buyruq» bo‘yicha ular hozircha tojikistonlik haydovchilarni ogohlantirish bilan cheklanishayotganini aytdi.

— Hozircha mehmonlarni jarimaga tortmayapmiz, faqatgina bu hol bizda taqiqlanganini eslatib qo‘ymoqdamiz; agar yangi buyruq kelsa, jarimaga tortishni boshlaymiz, — dedi yo‘l noziri.

Qo‘shni davlat fuqarolari so‘nggi o‘n yillar ichida O‘zbekistonda tojik avtoraqamlariga ega mashinalar ilk marta paydo bo‘lganini aytishmoqda va ular uchun bu misli ko‘rilmagan hodisa. Buning uchun ular o‘z prezidentiga tashakkurlar izhor etishmoqda. Mirziyoyevning ham ichki, ham tashqi siyosatdagi islohotlari O‘zbekiston aholisining absolyut katta qismiga manzur bo‘lmoqda. Ular bu haqda hamma yerda va mamlakatga mehmonga kelgan barchaga to‘lqinlanib so‘zlab berishmoqda.

«Ko‘z tegmasin! Xudo asrasin!», — deyishmoqda ular.

Avaz Yo‘ldoshev,

Asia Plus

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid