O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasi: Ikkinchi kun taassurotlari
Joriy yilning 30-31 mart kunlari O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan OAV vakillari uchun media-tur tashkil etilgani haqida turkum maqolalar berib borilmoqda. Quyida sayohatimizning so‘nggi kuniga doir taassurotlarim bilan o‘rtoqlashaman.
2018 yil 31 mart. Telefonim uyg‘otgichi yarim tun soat 3-30da jiringladi. Xonadoshlarim uyg‘onib ketmasligi uchun tezda uni o‘chirdim. Axir soat 4-00da jangovar navbatchilikka chiqish uchun safga turishimiz kerak. To‘g‘risini aytganda, yangi joyda yaxshi uxlay olmayman. Tuni bilan deyarli uyqu bo‘lmadi. Buning yana bir sababi shundaki, xizmatdagi chegarachi askarlarning o‘z navbati bilan har soatda postga chiqishlari tufayli eshitilib turgan o‘ziga xos shovqinlari edi.
Albatta, bizlarga istisno qilinib, tungi-tonggi tadbir xohlaganlar uchun ekanligi aytilganiga qaramay, jurnalistlarning deyarli barchasi, hatto ikki nafar qizlar ham hatto taraddud qilishni yodlariga keltirganlari yo‘q. 16 kg.lik zirxli nimcha va temir bosh kiyim. Safga turib, vazifalarimiz yana bir bor tushuntirilgach, yo‘lga chiqdik. Biz qorong‘u bo‘lishiga qaramay, safda bir-birimizga yordam bera oladigan darajadagi masofani saqlagan holda yurishimiz va chegarada o‘rnatilgan simto‘rlar uzilgani yoki yo‘qligiga, maxsus haydalgan yo‘l uzra odam yoxud hayvon izlari tushgan-tushmaganini aniqlashimiz kerak edi.
Hali tong otishiga ancha borligiga qaramay, Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi va chegarachilar hamrohligida yo‘lga tushdik. Ma'lum bo‘lishicha, chegarachilar odatda o‘zlariga biriktirilgan 7 km masofani 1 soat bir tomonga, 1 soat ortga tekshirib chiqishlari kerak. Nizomning xavfsizlik talablariga qat'iy rioya qilish lozim. bundan tashqari, chegara liniyasidagi tekislangan yerda izbor-yo‘qligini aniqlash barobarida ziyraklik va sergaklikni bir daqiqa bo‘lsin unutishlari mumkin emas.
Dangal so‘zni aytganda, yelkamizda 16 kg.lik zirxli nimcha va temir bosh kiyim bilan 3,5-4 km.cha chamasi piyoda yo‘l yurganimizdan so‘ng, nimchaning sezilarli og‘ir ekani sezildi. Nihoyat, nazdimda uzoq kuttirgan tong.
Ana ufq shulasi bulutlar orasidan taralmoqda. Jonajon Vatanimiz – O‘zbekistonda tong ota boshladi.
Bir tasavvur qiling! Siz chegarachisiz va sizga Vatangizning eng qaltis chegara hududida xizmat qilish majburiyati yuklangan. Bu 32 mln kishi istiqomat qiladigan yurt chegarasining eng qaltis hududini, sizga ishonib topshirdi, demakdir. Axir ortingizda jajji qorako‘zlar, kelajakka ishonch bilan boqayotgan yoshlar, sizni erta-yu kech duo qilayotgan ota-onalar va keksalar bor. Chunki siz go‘yoki O‘zbekiston deb atalmish katta oilaning darvozasini qo‘riqlayapsiz. Siz va chegaraning narigi tomonidagi ehtimoliy g‘arazgo‘y o‘rtasida hech kim yo‘q. Chegarabuzar bilan birinchi bo‘lib aynan chegarachi qarama-qarshi kelishi e'tiborga olinsa, bu ish qanchalik mas'uliyatli burch ekanini anglash qiyin emas.
Tongni, quyoshning ilk shu'lasini chegarada qarshi oldik. Shundan so‘ng, biz jurnalistlarni ayagan qo‘mondonlik harbiy qismga mashinasida olib ketishga qaror qildi. Oldinda bizni harbiycha nonushta, bir oz tin olish va dastur bo‘yicha Hakim at-Termiziy qabrlarini ziyorat qilish kutayotgan edi.
9221 “U” harbiy qismini tark etarkanmiz, chegarachilik juda ham jiddiy, doimo ziyraklikni talab qiluvchi vazifani ekanini anglagan holda u yerda xizmat burchini ado qilayotganlar va chegarachilikni kasb sifatida tanlaganlar haqiqatda Vatanning ular zimmasiga yuklagan burchni a'lo darajada bajarayotganiga ishonchimiz komil bo‘ldi.
Buyuk muhaddis, o‘z zamonasining yirik olimi Hakim at-Termiziy qabrini ziyorat qilganimizdan so‘ng, navbatdagi manzil Davlat xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini himoya qilish qo‘mitasi “Janub” chegara qo‘shinlari mintaqaviy shtabi chegara qo‘riqlash katerlari alohida bazasi.
Qayd etish o‘rinliki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 12 yanvar hamda 2008 yil 10 yanvar kungi farmoni bilan “Jaloliddin Manguberdi” ordeni bilan mukofotlangan. Harbiy qismlar ushbu orden bilan shu vaqtgacha 5 marotaba mukofotlangan bo‘lsa, shundan ikkitasi ayni shu bazaga berilgani ham Termiz chegarasini qo‘riqlash qanchalik ahamiyatli ekanini bildiradi.
Jurnalistlar guruhi bilan birga katerlar alohida bazasiga kirib keldik. Belgilangan vaqtda katerlar vositasida Amudaryo bo‘ylab chegara nazoratiga chiqib, daryo chegarachilari faoliyati bilan tanishdik. So‘ngra baza qoshida tashkil etilgan muzey ashyolarini tomosha qildik.
Shundan so‘ng, “Kayut-kampaniya” deb ataluvchi maxsus oshxonada tushlik qilinib, Toshkentga uchish uchun Termiz aeroporti tomon yo‘l oldik.
Xulosa o‘rnida aytishim mumkinki, chegara zonasidagi ikkinchi kunimiz ham maroqli o‘tdi, deyishga yuz foiz asos bor. Yana bir jihati shundaki, 18 nafar hamkasb-jurnalistlar chegarachi-safdoshlar ham bo‘ldi. O‘zbekistonni, uning chegarasi daxlsizligi, fuqarolari tinchligi va osoyishtaligini qo‘riqlashga bir kun bo‘lsa-da hissasini qo‘shishdi. Ularning barchasi O‘zbekiston Respublikasiga xizmat qilishlarini faxr va iftixor bilan ta'kidlashdi.
Chegarachi-jurnalist Tolib Rahmatov
Mavzuga oid
13:30 / 20.11.2024
O‘zbekiston va AQSh afg‘on masalasi bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi
17:22 / 17.11.2024
Tramp Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib chiqqanlarni jazolamoqchi – OAV
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
19:32 / 07.11.2024