19:20 / 07.04.2018
116818

Qirg‘iziston O‘zbekistonga nota yubordi

Foto: Flickr

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi shanba kuni chegarada yuz bergan hodisa tufayli O‘zbekistonga nota yubordi. Bu haqda Qirg‘iziston tashqi siyosat idorasi xabar bergan.

"TIVga O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchisi chaqirtirildi, u hodisa haqida xabardor qilindi, unga ro‘y bergan voqea tafsilotlari to‘g‘risida ma'lumot berish iltimosi bo‘lgan nota topshirildi", - deyiladi xabarda.

Vazirlikdan aytilishicha, rasmiy Bishkek "ushbu masalani nazoratda ushlab turibdi va ikki davlatning tegishli xizmatlari bilan aloqada".

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati matbuot xizmati O‘zbekiston chegarachilari Qirg‘iziston fuqarosiga o‘q uzishgani haqida xabar bergandi. Ushbu fuqaro hayotdan ko‘z yumgan. Ta'kidlanishicha, ushbu holat bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlandi, hodisa ro‘y bergan joyda Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati boshqarmasi zobitlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillaridan iborat guruh ishlamoqda. Qirg‘iziston bosh vaziri Sapar Isoqov shanba kuni tegishli idoralarga “chegaradagi voqeani o‘zbek tomoni bilan birgalikda yaxshilab surishtiruvdan o‘tkazish” vazifasini topshirdi.

KUN.UZ’ga O‘zbekiston hukumatidagi manbaning xabar berishicha, Qirg‘iziston fuqarosiga o‘q uzilganida, u O‘zbekiston hududida bo‘lgan. Qayd etilishicha, avvaliga u ogohlantirilgan, so‘ng osmonga qarata o‘q uzilgan, shundan keyin ham u bo‘ysunmaganidan so‘ng unga o‘q otilgan. U Qirg‘iziston hududigacha chopib borgan, u yerda uni sheriklari qabul qilib olgan va kutayotgan mashinada shifoxonaga olib ketishgan. Hozirgi paytda u O‘zbekiston hududiga nima maqsadda kirgani noma'lum, degan manba.

Top