O‘zbekiston | 20:07 / 09.04.2018
54390
3 daqiqa o‘qiladi

Bobomurod Abdullayev ishi bo‘yicha sud majlisiga MXX xodimlari jalb etiladi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz va amaldagi hukumatni kuch ishlatib ag‘darish kabi jinoyatlarni amalga oshirganlikda ayblanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullayevning advokati sud majlisiga MXX operativ xodimi va tergovchilarini ham jalb etishni so‘radi. Bu haqda sud majlisida ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, advokat Mayorov ayrim vaziyatlarga oydinlik kiritish maqsadida Bobomurod Abdullayev ishiga aloqador MXX xodimlari Timur Yakubov, Nodir To‘raqulov, Nodir Muhitdinov, Aleksey Veselov va M.Ergashevni sud majlisiga​ jalb etish bo‘yicha iltimosnomani kiritdi.

«​Bobomurod MXX hibsxonasiga o‘z xohishi bilan, yoki majburan keltirilganmi, bunga oydinlik kiritish lozim. Shuningdek, guvoh Charos Abdullayeva o‘z ko‘rsatmasida «Usmon Haqnazar taxallusida Bobomurod Abdullayev maqolalar yozganini internet sahifalari orqali» anglaganini bildirgandi. Ammo, bu haqiqat faqat Muhammad Solihning virtual ko‘rsatmasidan so‘ng oshkor bo‘ldi. Voqea esa 2017 yil noyabr oyiga to‘g‘ri kelmoqda. O‘z o‘rnida Charos tushuntirish xatini 25 sentabrda yozib bergan. Mantiqan o‘ylaganda, savollar ko‘paymoqda»​, deydi Mayorov.

Bundan tashqari, sudlanuvchi Bobomurod Abdullayev ham iltimosnomani qo‘llab-quvvatlab, sudlanuvchi Salayev va Olloyorovga savol bilan murojaat qildi.

«Siz o‘z ko‘rsatmangizda 2017 yil 29 sentabrda hibsga olingangizni aytyapsiz. Shundaymi? Va shu vaqtdan keyin tushuntirish xati yozganingizni ham tasdiqlaysizmi?», deydi Abdullayev.

Sudlanuvchi o‘z ko‘rsatmasini tasdiqlab, tushuntirish xatini shundan so‘ng (hibsga olinganidan keyin - tahr.) yozib berganini ta'kidlab o‘tdi. Sud majlisi davomida Bobomurod Abdullayev sud ishida yuritilayotgan hujjatlar jildiga tikilgan tushuntirish xatlarini ko‘rsatib, Olloyorov ham, Salayev ham 2017 yil 27 sentabr kuni MXX sobiq raisi Rustam Inoyatov nomiga tushuntirish xatini yozganini isbotlab berdi.

Sudya Zafar Nurmetov barcha vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida MXX xodimlarini majlisiga jalb etishga ajrim chiqardi. Navbatdagi sud majlisi 2018 yilning 11 aprel kuni bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid