Jamiyat | 20:31 / 10.04.2018
45430
7 daqiqa o‘qiladi

Siz bilgan va bilmagan Qodiriyning bir niyati

Foto: KUN.UZ

Bugun 10 aprel, yilning 100 kuni... Juda ko‘p voqealar bilan bu kun bilan yodimizda qolgan - Sauthempton portidan ilk marta (afsuski, so‘nggi marta ham) «Titanic» kemasi sayohatga chiqdi, Ukrainada Odessa ozod etildi, mashhur futbolchi Roberto Karlos dunyoga keldi.

Yana bir shaxs borki, shu kunda tavallud topib, millat tug‘ini ulug‘ tutib, viqor bilan o‘limni sharaflagan. U - Abdulla Qodiriy.

Julqunboy (uning taxallusi shunday bo‘lgan) 1894 yil 10 aprel kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zining yozuvlarida oilasi va hayot yo‘li haqida shunday deydi: «Har holda bemavridroq bo‘lsa kerak, kambag‘al, bog‘bonlik bilan kun kechirguchi bir oilada... tug‘ilg‘onman. Yoshim to‘qqiz-o‘nlarga borg‘ondan so‘ng meni maktabga yubordilar. Maktabda ikki-uch yil chamasi eski usulda (u paytda maktablar uch uslubga bo‘lingandi: rus-tuzem, jadid va eski uslub maktablari - tahr.) o‘qib, keyingi vaqtlarda oilamizning nihoyatda qashshoq kun kechirgani vajidan o‘n ikki yoshimda meni bir boyga xizmatchilikka berdilar. 

Xo‘jayinim o‘zi savdogar kishi bo‘lub, o‘rischa yozuv-chizuv bilaturg‘on odamga muhtoj edi. Shu ta'ma bo‘lsa kerak, meni o‘ris maktabiga yubordi... 1912 yilda manfaktur bilan savdo qiluvchi bir kishiga yilig‘a 50 so‘m barobariga prikazchik bo‘lub kirdim... Shu miyonalarda bozor vositasi bilan tatarlardan chiqadig‘on gazetalarni o‘qib, dunyoda gazeta degan gap borlig‘iga iymon keltirdim, 1913 yilda o‘zbekcha «Sadoi Turkiston», «Samarqand»  gazetalari, «Oyna» jurnali chiqa boshlag‘och, menda shularga gap yozib yurish fikri uyg‘ondi... 1913 yilda chiqqan «Padarkush» ta'sirida «Baxsiz kuyov» degan teatr kitobini yozib yuborg‘animni o‘zim ham payqamay qoldim (1915 yilda). Yana shu yilda teatrlarda chiqib turg‘on hikoya va ro‘monlarga taqlidan «Juvonboz» otliq hikoyachani yozib, noshir topilmog‘onidan, o‘zim nashr qilib yubordim. Nikolay taxtdan yiqilg‘ondan keyin oddiy xalq militsiyasiga ko‘ngilli bo‘lib yozildim...

1918 yil boshlarida Eski shahar oziq komiteti boylar qo‘lidan olinib, komitetning raislig‘iga o‘rtoq Sultonxo‘ja Qosimxo‘jayev tayin qiling‘on edi va men mazkur komitetning o‘zbekcha sarkotiblig‘iga kirdim. 1919 yilning avvallarida oziq komitetining ismidan chiqarilmoqchi bo‘lg‘on «Oziq ishlari» gazetasiga muharrir bo‘lib tayinlandim... Shu kungacha sho‘ro idoralarida qilg‘on xizmatlarimni birma-bir sanab o‘ltirishim uzoqqa cho‘ziladurg‘on bo‘lg‘onliqdin mundan keyin muassasa ismlarinigina atash bilan kifoyalanaman: «Rusto» devoriy gazetasiga muxbir bo‘lib, «Ishtirokiyun» va «Qizil bayroq» gazetalarida sotrudnik... «Mushtum» jurnalining muannisi va tahririya a'zosi bo‘lib, to 1924 yilgacha mehnatkashlar manfaatiga xolis ishlab keldim. Shu o‘tgan yetti yil orasida Sho‘rolar hukumati va firqadan bir og‘iz tanbeh olmadim. Xulosa — boshqalarning xizmati daftar bilan sobit bo‘lsa, mening xizmatlarim matbuot bilan ravshandir... Ishchi-dehqonlar yozg‘on asarlarimni suyunib o‘qiydilar va meni yozuvchilar qatoriga kirgazdilar va meni hamon o‘qirlar va unutmaslar...».

Qodiriy zamonasiga sig‘may, vaqtdan ilgarilab ketgan inson edi. Agar e'tibor bilan asarlariga ko‘z tashlansa, har bir kichik holatda yuksak odob va bilim yashiringaniga amin bo‘lasiz. Masalan, yozuvchi qahramonlarining ismlarini tasodifan tanlamas, ya'ni Anvar va Ra'no, Otabek va Kumush hayotda bir-biriga munosib bo‘lganini, barcha tarafdan tafakkur qilsa ham, ular haqiqiy juftlik ekanini qahramonlarning ismida ifodalab bergan. E'tibor qiling, Anvarning so‘nggi harfidan Ra'no obrazini gavdalantirib, Otabekka Kumushni juft qildi. Ayol kishi har doim turmush jufti halolining izmida ekani, ayol erkakning himoyasidaligi shunday ifodalangandi.

Julqunboyning mashhur asarlaridan biri - «O‘tkan kunlar» romanining eng so‘nggi jumlalarini o‘qiganda, ko‘zimga beixtiyor yosh kelgan. Gap shundaki, atoqli yozuvchi sovetlarning bosqini va ularning kulfatli kunlarga sababchi bo‘lishini avvaldan his qilgandi.

«Yusufbek hoji bir xat oldi... O‘zbek oyim qora kiyib aza ochdi...»
So‘zlarning ma'nosini anglab yetganimda alamdan dod degim kelardi, kuz faslida Yusufbek hojining qora xatni olishi go‘yoki, butun bir millat boshiga tushadigan qatag‘onlardan darak edi. O‘zbeklar esa osonlik bilan taslim bo‘lishini, O‘zbek oyimning qora kiyib, aza ochishi misolida tasvirlangan. Qodiriy o‘zini Otabekka qiyoslab, ajali yaqinlashib qolganini aytsa-da, umid o‘chog‘i so‘nmagan: voqealar g‘ira-shirada yuz beradi. Ya'ni, bu payt uyg‘ongan kishi birozdan so‘ng, qorong‘ulik yaqinlashadimi yo yorug‘lik, hech kim bilmaydi.

Afsuski, O‘zbek oyim aza ochgan dam barcha o‘z ishlari bilan hujralarida band bo‘lgan. Bamisoli uchta davlat amaldorlari ichki biqiqlik bilan hokimiyatni parokanda etgani ko‘rsatilmoqda.

Qodiriyning asarlarida ana shunday xitoblar, kelajak avlodga xabarlar bor. U istagan va shu yo‘lda jon bergan mustaqillikda biz umrguzaronlik qilyapmiz. Bu damlarni bir soniya ko‘rish uchun hayotini baxshida qilgan Qodiriy 1938 yil 4 oktabr kuni Bo‘zsuv bo‘yida otib o‘ldirildi. Uning ruhi doimo shod bo‘lsin, Alloh rahmatiga olsin!

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid