O‘zbekiston | 19:13 / 10.04.2018
7796
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Qozog‘iston va Tojikistondagi elchixonalari uchun yangi binolar qurmoqchi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Qozog‘iston va Tojikistondagi elchixonalari uchun yangi binolar qurmoqchi. Bu mamlakat Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan.

Xususan, Qozog‘istondagi elchixonaning yangi binosi Ostonada qad rostlaydi. Bu haqidagi muzokaralar o‘tgan yil yozda boshlangan edi. Eslatib o‘tamiz, ayni paytda Qozog‘istondagi elchixona binosi Almati shahrida joylashgan. Elchixona Ostonadagi yangi binoga ko‘chib o‘tgach, uning o‘rnida O‘zbekiston Bosh konsulligi ochiladi, deb yozmoqda “Xalq so‘zi”.

O‘zbekistonning Tojikistondagi yangi elchixonasi haqidagi masala esa prezidentning shu yil mart oyida ushbu mamlakatga amalga oshirgan davlat tashrifidan oldin kun tartibiga chiqqan edi. O‘shanda tomonlar diplomatik idoralari vakillari har ikki davlat poytaxtlari markazlaridan elchixonalar uchun yangi binolar qurishga yer ajratish bo‘yicha kelishib olingani haqida xabar berishgandi.

Yuqoridagi dasturda, shuningdek, O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, jumladan, mebellar, orgtexnika va avtotransport vositalari bilan ta'minlash ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid