O‘zbekiston | 22:59 / 15.04.2018
37680
8 daqiqa o‘qiladi

Toshkent ko‘chalaridagi tirbandliklar: muammo va yechimlar

Foto: Novosti Uzbekistana

Keyingi paytlarda Toshkent yo‘llarida tirbandliklar ko‘payib borayotgani hammani tashvishga solmoqda. Dunyoning barcha megashaharlarini bezovta qilayotgan bu muammo bugun shahrimiz aholisi va mehmonlarini ham qiynab, behuda vaqt sarflashlarga, asabbuzarliklarga, yo‘l harakati qoidalari buzilishlariga sabab bo‘lmoqda.

To‘g‘ri, poytaxtimiz yo‘llarining kengayishi, asfalt qatlamining sifat jihatdan yangilanishi, ko‘priklar, yo‘l o‘tkazgichlarning qurilishi, kuzatuv kameralarining o‘rnatilishi muammoni hal etishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Ammo, bu borada hali shunday «sun'iy» to‘siqlar borki, ularni bartaraf etmasdan turib, yo‘llarimiz qanchalik ravon, ko‘chalarimiz keng bo‘lmasin tirbandlik ko‘paysa-ko‘payadiki, kamaymaydi.

Keling, masalaga oddiy yo‘lovchi sifatida yondoshib, tahlil qilib ko‘raylik.

Muqaddam Sergelidan markazga — Mustaqillik maydonigacha yengil avtomashinada kelish uchun 20–25 daqiqa sarflanardi. Keyinchalik bu ko‘rsatkich 30–35 daqiqani tashkil eta boshladi. Hozirga kelib esa 40–45 daqiqagacha oshdi. Vaholanki, bu davrda shu oraliqdagi yo‘llar bir necha bor kengaytirildi, o‘tkazuvchanligi oshirildi.

To‘g‘ri, aholining turmush sharoiti yaxshilanib, shaxsiy avtomobillar soni keskin oshganligini hech kim inkor qila olmaydi. Shunga qaramay bugungi kunda shahrimiz ko‘chalaridagi tirbandliklarning bosh sababi svetoforlarning harakat oqimi bilan muvofiqlashtirilmaganligi, ish rejimining oqilona belgilanmaganligi, ko‘r-ko‘rona joylashtirilganligi bilan bog‘liqdir.

Gapimiz quruq bo‘lmasligi uchun qayd etilgan yo‘nalishdagi avtomobil qatnovini taxlil qilib ko‘rsak: Yangi Sergeli ko‘chasidan kelayotgan avtomashina O‘zgarish dahasiga kelganda 1–1,5 km uzunlikdagi tirbandlikka uchrashi turgan gap. Yo‘lning qarama-qarshi tomonida ham shunday manzarani kuzatish mumkin. Sabab — shu yerda piyodalar o‘tish joyi va yon tomon — mahalladan chiqadigan ikkinchi darajali yo‘l kesishmasida o‘rnatilgan svetofor. Uning yashil chirog‘i har daqiqada yuzlab avtomobillarni o‘tkazuvchi asosiy yo‘lga 40 soniya, ikkinchi taraf — onda-sonda o‘tadigan piyodalar va ichki ko‘chadan chiqib keladigan 3–4 ta avtomashina uchun 20 soniya chaqnab turadi. Yashil chiroq yongach, haydovchi harakatni boshlaguncha 7–8 soniya yo‘qotilishini, sariq chiroq yonishi xavfini tuyib, harakatni sekinlashtirishi hisobiga 3–4 soniya sarflanishini hisobga oladigan bo‘lsak, yashil chiroqning avtomashinalarni o‘tkazish vaqti 30 soniyaga teng bo‘ladi. Yana sariq chiroq, keyin 20 soniya qizil chiroq, xullas bir daqiqaning faqat 30 soniyasida shoh ko‘chada qatnov amalga oshadi.

Agarda asosiy yo‘l uchun yashil chiroqni 40 soniya o‘rniga 90 soniya qilib qo‘yilsa, yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati besh–olti barobarga oshgan bo‘lardi. Ikkinchi darajali yo‘ldan avtomashinalar va piyodalar o‘tishi uchun yashil chiroq uchun 12 soniya kifoya. Qolaversa 10–15 chog‘li avtomobil va 7–8 piyodaning 90 soniya poylab, to‘planib, yo‘ldan o‘tishi hech kim uchun katta fojyea emas. Asosiysi — katta yo‘lda tirbandlik bartaraf etiladi.

Harakatlanishni davom ettirib, Usmon Nosir va Gavhar ko‘chasi (Janubiy vokzalga yetmasdan) kesishmasiga yetib kelamiz. Bu yerdagi tirbandlik hatto Yangi Sergeli va Choshtepa ko‘chalari chorrahasidagi qatnovni izdan chiqaradigan darajada. Sabri chidamagan haydovchilar rulni piyodalar o‘tish yo‘lagiga solmoqda. Baqir-chaqir avjiga chiqadi... Bu joyda ham aybdor — svetofor. Yangi Sergeli ko‘chasidan kelayotgan transport oqimi Gavhar ko‘chasidagi oqimdan 3–4 marta kam bo‘lsa-da, svetofor har ikki tarafga teng ishlaydi. Natijada Yangi Sergeli ko‘chasi transport oqimiga bardosh bera olmay qoladi. Ayrim kunlari chorrahada yo‘l harakati xavfsizligi inspektori qatnovni tartibga solib, Yangi Sergeli ko‘chasi bo‘ylab transport harakatini 50–60 sekundga uzaytiradi. Natijada, tirbandlik tezda bartaraf etiladi.

Shu yo‘nalishda harakatni davom ettiramiz. Shota Rustaveli va Kichik Mirobod ko‘chalari kesishgan joyda («GRAND MIR» mehmonxonasiga yetmasdan) bir biriga juda yaqin o‘rnatilgan ikki svetoforga duch kelamiz.

Mazkur chorrahada ham piyodalar o‘tish joyi va ikkinchi darajali yo‘lda qatnov juda siyrak bo‘lsa-da, svetoforning yashil chirog‘i u tarafga naq 28 soniya «xizmat qiladi». Holbuki, shu davrda Kichik Mirobod ko‘chasi bo‘ylab bu xizmatdan bor-yo‘g‘i 2–3 ta taransport vositasi foydalanadi. Shota Rustaveli shohko‘chasi esa kun bo‘yi serqatnov...

Bizningcha, shu chorrahadagi ikkala svetoforni olib tashlasa ham bo‘ladi. Chunki undan oldingi svetoforda transport oqimi to‘xtagan mahalda 2-3 avtomashina shohko‘chaga moneliksiz kira oladi.

Bunday holatni shaharning boshqa nuqtalarida ham kuzatish mumkin. Bizningcha, shaharda o‘rnatilgan barcha svetoforlarda mutaxassislar tomonidan monitoring o‘tkazib, piyodalar o‘tish joyi va chorrahalardagi transport oqimi intensivligini o‘rganib chiqish va shu asosda svetoforlarning ish rejimini belgilash lozim.

Aytaylik, asosiy yo‘l va ikkinchi darajali yo‘lning transport o‘tkazish qobiliyati mos ravishda 80 % va 20% bo‘lsa, u holda yashil chiroq ikkinchi darajali yo‘lda 20 soniya, asosiy yo‘lda 80 soniya yonib turishi talab qilinadi. Piyodalar o‘tish joylarida svetoforning yashil chirog‘i yo‘lning bir tarafidan ikkinchi tarafiga kesib o‘tishga ketadigan o‘rtacha vaqt davomida yonib turishi yetarli bo‘ladi. Bu vaqt 12–14 soniyadan ko‘p bo‘lmaydi. Ba'zida piyodalar o‘tishi uchun o‘rnatilgan svetoforda katta yo‘lda yuzlab transport to‘xtab turgani holda yo‘lni kesib o‘tayotgan birorta piyoda ko‘rinmaydi. Ammo, svetofor 20 soniya davomida yo‘lni «yopib» turaveradi. Kelajakda ko‘chalarga «aqlli» svetoforlar o‘rnatilib, bu muammoni hal qilishi aniq. Hozircha bu ishni tegishli mutasaddilar amalga oshirishga majbur.

Svetoforlar yashil chirog‘ining asosiy ko‘cha bo‘yicha yonib turish muddatini uzaytirish va qo‘shimcha yo‘lga nisbatan yonish muddatini qisqartirish yo‘llarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini bir necha bora oshirishi tayin. Ko‘pgina xorijiy davlatlarning bu boradagi tajribasini o‘rganish shuni ko‘rsatmoqdaki, shohko‘chalarda yashil chiroq 120 soniyagacha porlab turadi. Bu juda ko‘plab transportning to‘siqsiz yo‘ldan o‘tib olishiga imkon beradi va tirbandlikning oldi olinadi. Piyodalar o‘tish joylarida esa yashil chiroq yo‘lning kengligiga qarab 9–14 soniya ishlab turadi. Shu munosabat bilan svetoforlarni joylashtirish, ularning ish rejimini muvofiqlashtirish qoidalari ishlab chiqilishi va O‘zbekiston Respublikasi ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bu talablarni buzganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini ko‘zda tutuvchi me'yorlarni ko‘zda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilishi lozim.

Mazkur takliflarni amalda qo‘llash poytaxtimiz va boshqa yirik shaharlarimizda asossiz tirbandliklarning oldini olish bilan birga yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashda muhim omil bo‘lardi.

Komil Sindarov,

yuridik fanlari doktori

Mavzuga oid