Botir Qobilovga ko‘ra, yo‘llardagi infratuzilma, jamoat transporti, tirbandlik masalasi ijtimoiy yo‘nalishga tegishli bo‘lgani bilan bu kabi masalalarni iqtisodchilar ham o‘rganib, turli ilmiy tadqiqotlar olib borishadi. Suhbatdoshimiz ham fikrlarini ko‘plab kuzatuvlar, chet el mamlakatlari tajribasi, ilmiy maqola hamda tadqiqotlarga tayanib bildirayotganini ma’lum qildi.

— Avtomobilsiz shahar jamiyat uchun qanchalik ahamiyatli? Sizningcha, uni qanday qurish kerak, ishni nimadan boshlash kerak?

— Shahar deganda, birinchi navbatda buning nima ekanini tushunib olishimiz kerak. Unga ta’rif bersak, ko‘pincha urbanizatsiya jarayoni deb aytishadi. Ya’ni shaharda ko‘p insonlarni bir-biriga yaqinlashtirish, ma’lumotlar, bilimlarning o‘zaro almashinuvi, odamlarning bordi-keldisi natijasida iqtisodiy qiymat yaratilishi nazarda tutiladi. Buning foydasi borligini iqtisodchilar ko‘rsatib bergan. Urbanizatsiyaning tarafdorlari qancha ko‘p odamlar bir joyda yashasa va ularning mobilligi (muloqoti, o‘zaro munosabatlari) qanchalik yaxshilansa, bu o‘sha shahar uchun ijobiy ekanini bildirishgan.

Endi avtomobil haqida gapirsak, bu — odamlarning A nuqtadan B nuqtaga harakatlanishida birgina vosita, xolos. Shaharlar esa insonlarni bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga arzon, tez va xavfsiz yetkazib qo‘yishni ta’minlashi kerak. Mana shuni nazarda tutgan holda, shahar ichida avtomobildan tashqari, jamoat transporti, piyoda yoki velosipedda yurish, boshqa alternativ transport vositalaridan foydalanish inobatga olinishi kerak. Shaharlar va uning aholisiga avtomobillarning xarajati katta. Ya’ni, avtomobillardan foydalanishning xarajatlari deyilganda, atrof-muhitga chiqindilarning ko‘proq chiqishi, avtomobillardan chiqadigan shovqin-suron, shaharda eng qimmat bo‘lgan resurs — yerning olib qo‘yilishi nazarda tutiladi. Bu — avtomobillardan foydalanishning mahsuli, desak bo‘ladi. Har bir avtomobil uyda, ko‘chada yoki ishxonada saqlanishi kerak, shuni hisobga olsak, bu — shaharning ma’lum qismi avtomobillar tomonidan egallanadi, degani.

Shuning uchun avtomobilda harakatlanish xarajatlari juda katta va salbiy ekanini inobatga olish lozim, ya’ni shaharlar iloji boricha avtomobillardan foydalanishni cheklash asosida qurilishi kerak. Men shunday deb tushunaman.

Shaharda sog‘lom hayot bo‘lishi uchun avtomobillarga oxirgi o‘rinlarni bergan yaxshi. Ba’zida odamlar, «avtomobillardan foydalanishga rag‘batni kamaytirishimiz kerak», deyilsa, bu — piyoda va haydovchilar o‘rtasidagi urush deb o‘ylashadi. Biz bir tomonni olishimiz shart emas, chunki har bir haydovchi — piyoda, ammo har bir piyoda haydovchi bo‘la olmaydi. Shuni inobatga olgan holda, aksariyat odamlar shahar piyodalar uchun bo‘lishi kerak deganida, bir narsani qo‘shimcha qilish kerakki, ya’ni nafaqat piyoda, balki insonlar uchun bo‘lishi lozim. Boisi, shaharda avtomobillarning qisqarishi uning egalariga ham foydali bo‘ladi. Shaharda qancha kam avtomobil bo‘lsa yoki undan foydalanishga qancha kam rag‘bat bo‘lsa, o‘sha avtomobil haydovchisiga ham arzon, ham foydaliroq bo‘ladi.