Jamiyat | 21:55 / 17.04.2018
79884
3 daqiqa o‘qiladi

O‘z bolasini o‘ldirgan ona qanday muhitda ulg‘aygani ma'lum bo‘ldi

Avvalroq mahalliy matbuotda o‘z bolasini bo‘g‘ib o‘ldirgan andijonlik ayol haqida xabarlar tarqalgandi. 

Mavzuga oid: Andijonlik ona 3 yoshli o‘g‘lini nega o‘ldirganini aytib berdi (video)

O‘zLiDeP muxbiri Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanining Ma'murobod va Norbo‘ta mahallalariga borib, asl vaziyatni — qotil ona Saida tug‘ilib-o‘sgan muhitni o‘rganishga harakat qildi.

Ma'lum bo‘lishicha, Saidaning otasi yoshligida Rossiyaga ishlash uchun ketgan. Farzandlar tarbiyasi esa onaning zimmasida qolgan. Shundan so‘ng, e'tiborsiz qolgan Saida 7-sinfdaligida o‘g‘rilik yo‘liga o‘tgan, hatto qo‘shni viloyatga beruxsat ketib qolgan. Aytishlaricha, o‘shanda mahalla, maktab mutasaddilari oilani o‘rtaga olib, tushuntirishga rosa urinishgan. Ammo kaltak qattiqroq tegmagan ko‘rinadi...

Voyaga yetgach, Saida Norbo‘ta mahallasiga kelin bo‘lib tushadi. Ammo oiladagi moddiy ta'minotga qoniqmay, janjal ko‘tara boshlaydi. Hatto, kuyovning yaqin qarindoshlari narsalarini o‘g‘rilaydi. Farzandini esa 2 oylik paytida yostiq bilan bosib o‘ldirmoqchi, aybni esa uy egalariga to‘nkamoqchi bo‘ladi, ammo qaynonasi to‘satdan kirib qolib, bolani qutqaradi. 

Bolasi olti oylik bo‘lganida, uning beshigiga o‘t qo‘yadi va hovlini qulflab, bolani olib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. O‘tni o‘chirishga ulgurgan qaynonasi ona-bolaning jasadi topilmagach, qidiruvga beradi. Ma'lum vaqt o‘tgach, u uyiga qaytib keladi.

Ilk farzandi ikki yoshga to‘lganida, u qiz farzandlik bo‘ladi. Ammo qizchasi besh oylik bo‘lganida, nogahon isitmalab, bir tunning o‘zida hayotdan ko‘z yumadi. Dafn marosimlari tugagach, yana ota uyiga qaytib ketadi.

Shu yilning 2 aprel kuni  u uch yoshli o‘g‘lini bo‘g‘ib o‘ldirgan va o‘zi ishlash uchun Toshkentga ketgan. Tezkor tadbirlar davomida Saida 3 aprel kuni qo‘lga olingan. Hozirgi paytda tergov harakatlari davom etmoqda.

Mavzuga oid