22:31 / 19.04.2018
6044

Pegasus O‘zbekistonga loukosterlik yo‘nalishida o‘z xizmatini taklif etdi

Jahonga mashhur Pegasus aviakompaniyasi loukosterlik yo‘nalishida bir necha davlatlarda faoliyat yuritib keladi. Turizmni rivojlanishida muhim o‘rin tutadigan loukoster aviakompaniyalarining xizmatlaridan, asosan, sayyohlar foydalanishadi. Pegasus O‘zbekistonda ham loukoster aviakompaniyasini tashkil etish niyatida. Bu haqda Pegasus aviakompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Ali Sabanji va aviakompaniya prezidenti Mehmet Nanelar Global Tadbirkorlik Kongresida ishtirok etayotgan O‘zbekiston Innovatsion Rivojlanish vazirligi vakillari bilan uchrashuv chog‘ida ma'lum qildi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

Suhbat davomida Ali Sabanji tarixi boy, diqqatga sazovor joylari bisyor bo‘lgan O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish borasida o‘z takliflarini berdi. Shuningdek, O‘zbekiston Innovatsion Rivojlanish Vazirligi vakillari Pegasus rahbariyatini O‘zbekistonga taklif etarkan, tegishlik vazirlik, tashkilotlar bilan uchrashuvlar tashkil etishda ko‘maklashish, biznes takliflarni hayotga tatbiq etish borasida hamkorlikka tayyor ekanliklarini bayon qilishdi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Innovatsion Rivojlanish Vazirligining Tadqiqotlar va davlat hamda jamiyatga innovatsiyalarni joriy etish boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Hamzayev Pegasus rahbarlariga O‘zbekistonda yangi tuzilgan vazirlik haqida ma'lumot berarkan, uning maqsad va vazifalari haqida so‘zlab berdi. Uchrashuv davomida Pegasus loukoster kompaniya rahbari Ali Sabanji va Mehmet Nanelar O‘zbekistonda turizm va aviakompaniyalar rivoji uchun strategiya ishlab chiqish zarurligini va unda faol ishtirok etishlarini ma'lum qilishdi.

Top