O‘zbekiston | 23:41 / 23.04.2018
4016
2 daqiqa o‘qiladi

Aziz Abduhakimov Xalqaro Aeronavtika federatsiyasi delegatsiyasi bilan uchrashdi

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Piter Blazer boshchiligidagi Xalqaro Aeronavtika federatsiyasi delegatsiyasi bilan uchrashdi, deya xabar beradi Qo‘mita matbuot xizmati.

Aziz Abduhakimov janob Blazerga mamlakatimizda sportning aeronavtika turini rivojlantirish hamda O‘zbekiston brendini mustahkamlashga bildirgan qiziqishi uchun alohida minnatdorchilik izhor etdi.

Shuningdek, hozirda mazkur soha bo‘yicha faol ishlar amalga oshirilayotgani, xususan, Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent kabi katta shaharlarda havo sharlari ishga tushirilgani aytib o‘tildi. Bundan tashqari, uchrashuvda ushbu sport turini yanada rivojlantirish hamda Respublika bo‘yicha havo sharlarining sonini ko‘paytirishga doir normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani alohida ta'kidlab o‘tildi.

Ma'lumot uchun: Xalqaro Aeronavtika federatsiyasi nodavlat tashkilot hisoblanib, u hozirga kelib 100 ga yaqin tashkilotni o‘z ichiga olgan.

Piter Blazer - mashhur shveysariyalik aeronavt bo‘lib, Xalqaro Aeronavtika federatsiyasi a'zosi, havoda parvoz qilish bo‘yicha Yevropada o‘tkazilgan musobaqalarning mutlaq g‘olibi.

Yigirma kishidan iborat Xalqaro Aeronavtika federatsiyasi delegatsiyasi 20 apreldan 1 maygacha O‘zbekistonda bo‘ladi.