Jamiyat | 19:06 / 24.04.2018
5799
2 daqiqa o‘qiladi

28-29 aprel kuni Boysunda yilning eng kutilayotgan festivali o‘tkaziladi

Yilning eng kutilayotgan hodisalaridan biri - "Boysun bahori" festivali. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Facebook'dagi sahifasida xabar berilishicha, "Boysun bahori" festivali 28-29 aprel kunlari Surxondaryodagi Boysun shahrida bo‘lib o‘tadi. 

Foto:  O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Manzarali tog‘ etaklarida joylashgan bu joyning o‘ziga xosligi shundaki, u yerdagi mahalliy xalq qadimiy urf-odat va an'analarini bugunga qadar saqlab qolgan. Bu an'analar tarixi esa bir necha ming yillarga borib taqaladi.

Mazkur festivalni o‘tkazishdan maqsad - nafaqat Boysunda, balki O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham ardoqlab saqlanib kelinuvchi o‘tmish merosini to‘plash va namoyish qilish. Tog‘oldi hududlarida o‘tovli lagerlar, rastalar, sahnalar qurilib, ularda xalq ansambllari chiqish qiladi. Maxsus maydonlarda polvonlarimiz kurash, ko‘pkari kabi milliy o‘yinlarda kuch sinashishadi. Festivalga tashrif buyurgan mehmonlar dorbozlar, raqs dastalari dasturlarini tomosha qilib, zavq olishlari mumkin va bularning bari jonli tabiat fonida ro‘y beradi. 

Foto:  O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

"Boysun bahori" festivalida Xalqaro aeronavtika assotsiatsiyasi delegatsiyasining ishtirok etishi alohida e'tiborga loyiq. Ular O‘zbekiston shaharlari uzra parvozlar seriyasi doirasida Boysun uzra 5 havo sharini 100 metr balandlikka ko‘tarishadi. 

 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid