Bizda Alisher Navoiy, qozoqlarda Abay, tojiklarda Abdurahmon Jomiy qanchalik ulug‘lansa, turkmanlarda Maxtumqulining shunchalik hurmati baland. Aslida adabiyot millat tanlamaydi, bu buyuk ijodkorlarning bari bugun umuminsoniyatning faxriga aylangan. Ularning she'rlarini dunyo hamjamiyati o‘zinikiday qabul qiladi. Jumladan, biz ham. Ayniqsa, Maxtumqulining «Namasan?», «Ayrildim», «Oshiq bo‘lmisham», «Ustodingdan ayrilma», «Ko‘ring» singari she'rlari Komiljon Otaniyozov, Bobomurod Hamdamov, Ortiq Otajonov kabi ardoqli san'atkorlarimiz tomonidan maromiga yetkazib ijro etilgani tufayli xalqimizning qon-qoniga singib ketgan.
Har yigitning aslin bilay desangiz,
Marakada o‘tur-turishin ko‘ring.
Birov bilan oshno bo‘lay desangiz,
Avval iqrorinda turishin ko‘ring.
Maxtumquli hayoti haqida ikki og‘iz ma'lumot.
Mutafakkir shoir 1733 yilda Turkmanistonga qarashli Hoji-govshan qishlog‘ida dunyoga kelgan. U oilada uchinchi o‘g‘il bo‘lib, bo‘sh vaqtlarida poda boqib, otasiga ko‘maklashgan Maxtumkuli 9 yoshidan she'r yozishni mashq qila boshlaydi. Keyinchalik u Buxoroning Ko‘kaldosh, Xivaning Sherg‘oziy madrasalarida tahsil olgan.
Turkman xalqi tarixining eng notinch va og‘ir davrida yashab o‘tgan Maxtumquli oilaviy hayotda halovat topmagan. O‘sha davrda Chovdurxon boshchiligida Afg‘onistonga vakil qilib jo‘natilgan akalari Abdulla va Muhammadsafo shafqatsizlarcha o‘ldiriladi. Katta xonadonning ro‘zg‘or yuki Maxtumquli yelkasiga tushadi. U mudarrislik qilish, ota-bobosidan meros yonachilik kasbini davom ettirish bilan birga, temirchilik va zargarlik hunarlarini ham egallaydi. «Go‘zal Sherg‘ozi» she'ridan ma'lum bulishicha, u Xivada tahsil olayotgan davrida birin-ketin otasi va onasidan judo bo‘lgan.
Uning muhabbat qissasi ham ertaknamo tugamagan. Maxtumquli Mengli ismli qiz bilan bolalikdan birga o‘sib, ikki yosh bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan. Adabiyotshunos olim A. Hamdamovning yozishicha, shoirning otasi va ikki akasining bevaqt o‘limi oilani moddiy jihatdan og‘ir ahvolga solib qo‘ygan. Maxtumqulining qalin pulini to‘lashga qurbi yetmasligini bilgan Menglining akalari singillarining roziligini ham so‘ramay, uni boshqaga uzatib yuborishgan ekan. Qiz nochor qon yig‘lab, boshqa oilaga kelin bo‘lib tushadi. Buning ustiga, qadimiy urf-odatga ko‘ra, Maxtumqulini katta akasining beva qolgan xotini Oqqizga nikohlab qo‘yadilar. U Oqqizdan ikki o‘g‘il ko‘radi. Ammo bir o‘g‘li 7 yoshida, ikkinchisi 12 yoshida vafot etadi. Avval akalari, ota-onasidan, sevgilisidan, keyin nuridiydalaridan judo bo‘lgan shoir chuqur qayg‘uda qolib, butun umrini badiiy ijodga bag‘ishlaydi. Ba'zi tadqiqotchilarning ta'kidlashlaricha, shoirning o‘ziga Firog‘iy taxallusini tanlashi ayni shu judoliklar bilan bog‘liqdir.
















