21:18 / 26.04.2018
5092

Tramp Kim Chen In bilan uchrashuvi joyi va sanasi hali belgilanmaganini aytdi

Foto:Reporteros Asociados

AQSh prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashuvi joyi va sanasi hali belgilanmaganini ma'lum qildi. 

“Uchrashuv o‘tishi mumkin bo‘lgan 3-4 ta sana va 5 ta joy ko‘rib chiqilmoqda”, deb aytgan Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida.

Avvalroq Tramp Kim Chen In bilan uchrashuv iyun yoki undan ham ertaroq yuz berishi mumkinligini aytgandi.

Trampning fikricha, MRB direktori Maykl Pompeo va Kim Chen Inning uchrashuvi ajoyib o‘tgan va ular chiqisha olishgan. Biroq Vashington Pxenyanga biror-bir yon bosishlar qilish niyatida emas.

“Birinchidan, Shimoliy Koreya bilan ishlar a'lo darajada ketmoqda, ko‘ramiz hammasi qanday hal bo‘larkin”, deb so‘zlarini davom ettirgan Tramp. U Pompeoning Shimoliy Koreyaga tashrifiga to‘xtalib, “Uning Kim Chen In bilan uchrashishi ko‘zda tutilmagandi, biroq u uchrashdi”, deb aytgan.

“Bu shunchaki salomlashishdan ko‘proq narsa bo‘ldi. Ular chiqisha olishdi va bir soatdan ko‘proq vaqt o‘tkazishdi”, deb qo‘shimcha qilgan Tramp.

Tramp Shimoliy Koreya yetakchisi bilan uchrashuvi istiqbollari haqida gapirar ekan, u rejalashtirilgandan ertaroq yakunlanishi yoki umuman bo‘lmasligi mumkinligini aytgan. “Ehtimol, men biror sabab tez ketarman. Shunday bo‘lishi ham mumkinki, uchrashuv hattoki bo‘lmasligi ham mumkin, kim bilsin?”, deb aytgan Tramp. 

Tramp Vashington Pxenyanga yon bosishlar qilayotgani haqidagi gaplarga qo‘shilmasligini aytgan. Uning aaytishicha, aksincha Shimoliy Koreya yadroviy va raketa sinovlarini to‘xtatish borasida katta yon bosishlarga bormoqda.

AQSh ommaviy axborot vositalarida Tramp va Kim Chen In uchrashishi mumkin bo‘lgan joylar sifatida Shveytsariya, Mo‘g‘uliston va Shimol hamda Janub o‘rtasidagi qurolsizlashtirilgan hudud keltirilgan. Tramp uchrashuv AQShda bo‘lmasligini aytgan.

Mavzuga oid
Top