O‘zbekiston | 20:52 / 27.04.2018
5553
2 daqiqa o‘qiladi

Bilimdonlar bellashuvining yakuniy viloyat bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda

Xalq ta'limi vazirligi iqtidorli o‘quvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularda bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqni rag‘batlantirish, buning uchun zarur ijodiy muhit yaratish masalasiga doim e'tibor qaratib keladi.

Shu yilning 13-15 aprel kunlari 8-10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida ilk martaba innovatsion olimpiada o‘tkazilgan edi.

Ayni vaqtda respublika miqyosida barcha hududlar markazida bilimdonlar bellashuvining yakuniy viloyat bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Unda 7-8-sinf o‘quvchilari 17 ta fan bo‘yicha bellashadilar.

Bellashuvning hududiy bosqichlarida 2,5 mln. nafarga yaqin o‘quvchi ishtirok etib, ulardan 5123 nafar 7-8-sinf o‘quvchilari yakuniy bosqichda qatnashish huquqini qo‘lga kiritishdi.

Tanlovning viloyat bosqichida o‘quvchilarning fanlardan yozma savodxonligi va amaliy ko‘nikmalarini o‘rganishga qaratilgan diktant, ijodiy bayon, yozma ish, laboratoriya ishi, og‘zaki savol-javob shartlari o‘tkazilsa, ikkinchi shartda barcha fanlardan test sinovlari bo‘lib o‘tadi.

Bu yil ilk bora bilimlar bellashuvining ikkinchi sharti, ya'ni test sinovlari shaffoflikni ta'minlash maqsadida onlayn tarzda o‘tkazilmoqda.

Joriy yilda ham bellashuvlarda yuqori natija ko‘rsatgan 500 nafar o‘quvchi Respublika miqyosida Toshkent viloyati  Bo‘stonliq tumanidagi “Intellektual-rivojlantirish oromgohi”ga jalb qilinadi. Viloyatlarda ham eng namunali oromgohlarda jami 1400 nafar o‘quvchi uchun shunday oromgohlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.