Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ostonada xalqaro kitob yarmarkasi o‘tmoqda - eng katta pavilon O‘zbekistonniki!
Qozog‘iston poytaxti Ostona shahridagi «Korme» ko‘rgazmalar markazida 25 apreldan buyon III xalqaro Yevroosiyo kitob ko‘rgazma-yarmarkasi ish olib bormoqda.
Ushbu ko‘rgazma Yevropa va Osiyoning 18 ta mamlakatlaridagi nashriyotlar, noshirlik korxonalari, ilmiy-ma'rifiy tashkilotlarni bir joyga jamlagan yirik maydon hisoblanadi.
2018 yil Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e'lon qilingani munosabati bilan O‘zbekiston paviloniga alohida e'tibor qaratilgan. Qayd etish joizki, eng katta pavilon ham O‘zbekistonga tegishli. Yig‘ilganlar bu prezident Shavkat Mirziyoyevning kitobxonlik siyosati tufayli ekanligini qayd etishmoqda.
O‘zbekistonga ajratilgan 60 kvadrat metr maydonda O‘zbekistonning tarixi va bugungi kuni akslantirilgan. Ikki xalqning buyuk namoyandalari Navoiy va Abay siymolari xalqaro ko‘rgazmaga alohida ma'no bergan. Monitorlarda mamlakatimizdagi nashriyotlar faoliyatdan hikoya qiluvchi videoroliklar berilmoqda.
III xalqaro Yevroosiyo kitob ko‘rgazma-yarmarkasi doirasida taniqli adiblar va shoirlar, madaniyat arboblari bilan uchrashuvlar, kitoblar taqdimoti, aylana stollar, anjumanlar o‘tkazilmoqda.
Kecha O‘zbekiston delegatsiyasi a'zosi, xalq shoiri Iqbol Mirzo bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shoirimiz qozoq do‘stlarga o‘zining yozgan yangi she'rini in'om etdi.
Voy-bo‘y, yurtga qarab boq:
Osmon qadar keng qozoq.
Tilim, dilim, dinim bir,
Sen qozoqmi, men qozoq?
Otam otangga jo‘ra,
Abayni mendan so‘ra.
Qiyiq ko‘zimga qara,
Sen qozoqmi, men qozoq?
Tayg‘oqda o‘t yoqqanmiz,
Olovdan sog‘ chiqqanmiz,
Yovni birga yiqqanmiz,
Sen qozoqmi, men qozoq?
Sen ham Yofas izisan,
Navoiyning so‘zisan.
O‘zbekning g‘irt o‘zisan,
Sen qozoqmi, men qozoq?
Uzangidosh, hamnafas,
Sensiz to‘yim qizimas.
Qo‘z qisiq, til qisiqmas,
Sen qozoqmi, men qozoq?
Birga unib o‘sgaymiz,
Yomonga bosh qo‘shmaymiz.
Egizakka o‘xshaymiz,
Sen qozoqmi, men qozoq?
Rasul do‘stim, qo‘ldoshim,
Muxtor avez yo‘ldoshim,
O‘ljas mening o‘ljasim,
Sen qozoqmi men qozoq?
Dard cheksang, qalbimda g‘am,
Quvonsang, menga bayram.
Qozoqroqman sendan ham,
Sen qozoqmi men qozoq?
O‘z muxbirimiz.
Mavzuga oid
19:52 / 21.04.2026
Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga amaliy tashrifi boshlandi
19:12 / 05.03.2026
Qozog‘istonda Markaziy Osiyo mamlakatlarining ekologik sammiti bo‘lib o‘tadi
09:42 / 23.01.2026
Ostona va Samarqand o‘rtasida aviareyslar soni ko‘payadi
17:11 / 22.06.2025