O‘zbekiston | 23:35 / 29.04.2018
100910
4 daqiqa o‘qiladi

Yuraklarni titratgan hofizi Qur'on bilan KUN.UZ’dan maxsus videointervyu

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda o‘tkazilgan Qur'on musobaqasida mamlakatning turli chekkalaridan qori va qoriyalar ishtirok etishdi. Ular yoshlariga qarab hifz va tilovat yo‘nalishi bo‘yicha samimiy kurash olib borishdi. 24 aprel kuni Toshkentda o‘tgan Respublika bosqichida oliy o‘ringa qoraqalpog‘istonlik Yo‘ldoshbek qori Nuriddinov sazovor bo‘ldi. KUN.UZ tahririyati mazkur qori yigit bilan videosuhbat uyushtirdi.

Musobaqaning quvonarli va og‘riqli holatlari

- Bismillahir rohmanir rohiym. Bu yil O‘zbekistonda o‘tkazilgan Qur'on musobaqasi hammani   juda quvontirdi, deb o‘ylayman. Musobaqani kuzatib borar ekanman, bemalol oliy darajada o‘tdi, deya olaman. Musobaqa o‘tkazilishidan ko‘zlangan asosiy yutuq shu bo‘ldiki, yurtimizning uzoq chekkalarida yashaydigan, biz bilmagan qorilar mazkur bellashuvda ishtirok etishdi. 

Ta'kidlash zarurki, ilgari Qur'on musobaqalari faqat Islom bilim yurti talabalari o‘rtasida o‘tkazilar edi. Shuni alohida ta'kidlashni istardimki, Islom bilim yurtida tahsil olayotgan qorilardan ham kuchli qorilar yurtimizning turli chekkalarida bor ekan. Buni musobaqaning o‘zi ko‘rsatib qo‘ydi. Ammo ,afsuski, mamlakatimizning ba'zi bir hududlarida qorilar soni yetarli emasligi ham musobaqa davomida ayon bo‘ldi. Hatto ba'zi viloyatlardan bir yo‘nalishda bir nafar ishtirokchi topilgan paytlari ham bo‘ldi. 

Allohning kalomi bilan ilk tanishuv 

- Avvalosi, dadamning o‘zlaridan ikki yarim pora ta'lim olganman. Xonadonimizda qadim-qadimdan Qur'on tilovat qilingan. Mustabid tuzum davrlarida, undan keyin ham bobolarimiz, qori dadam tomonidan yashirincha yo‘l bilan bo‘lsa-da, Allohning kalomi tilovat qilib kelingan. Birinchi ustozim dadam - Ibrohim domla deb hisoblayman, chunki aynan shu kishi meni birinchi bor Qur'onga qiziqtirganlar. 

Buni turli usullarda olib borganlar. Qur'onga bo‘lgan ilk muhabbatni avval nasihat yo‘li bilan singdirdilar, maktabga chiqqanimdan so‘ng Kalomullohdan ta'lim ola boshlaganman. Shundan so‘ng, Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida Ne'matulloh qoridan tahsil olganman. U kishi hayotlar, Alloh umrlarini ziyoda qilsin. U zot ayni damda Xorazmdagi Imom Faxriddin ar-Roziy madrasasida Qur'ondan ta'lim beradilar. Shu kishidan uch yil mobaynida Qur'onni yod olganman. 

2007 yil ilk bor 30 porada xatmga o‘tgan edim. Yoshim o‘shanda 12 yoshda bo‘lgan. O‘rta maktabni bitirib, o‘rta-maxsus bilim yurtiga o‘qishga kirganman. Bu Nukus shahrida joylashgan Muhammad al Beruniy islom bilim yurti. 2010-2014 yillar davomida o‘sha yerda ta'lim olganman. 2015 yildan hozirga qadar Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti talabasiman.

Ayollarning jamiyatda o‘rni benihoya...

Musobaqada qoriyalar ham ishtirok etib, turli o‘rinlarni egallashdi. Ammo yuqorida aytganimdek, ayrim hollarda ba'zi hududlarda ularning yetishmasligi kishini achintiradi. Men jamiyatda xotin-qizlarning o‘rnini benihoya, deb bilaman. Ayniqsa, islomiy oilalarda: farzand tarbiyasida bo‘lsin, xonadon fayzini saqlashda bo‘lsin, ularning o‘z o‘rni bor. Payg‘ambar alayhissalomning hadislarida “Barchangiz rahbarsiz, barchangiz qo‘l ostingizdagilarga mas'ulsiz”, deyilgan. Jumladan, mazkur hadisning ichida ayol kishi ham rahbar sifatida talqin etilgan.

Yo‘ldoshbek qori Nuriddinov bilan bo‘lib o‘tgan fayzli suhbat davomida turli mavzular, dolzarb masalalarga ham to‘xtab o‘tildi. Fikrlar o‘rtaga tashlandi va samimiy mulohazalar yuritildi.

Tas-IX

YouTube

Mavzuga oid