19:15 / 03.05.2018
8563

Shaxmat toji uchun kurash: 1-partiya durang bilan yakunlandi

Foto: cca.imsa.cn

Xitoylik ayol shaxmatchilar Tan Chjun'i va Tszyuy Ventszyun o‘rtasida jahon chempioni unvoni uchun 3 may kuni Shanxayda boshlangan uchrashuvning 1-partiyasida durang natija qayd qilindi.  

Keyingi partiya 4 may kuni bo‘lib o‘tadi. Hammasi bo‘lib 10 ta partiya o‘tkaziladi. Agar g‘olib aniqlanmasa, tay-breyk bo‘lib o‘tadi. 

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) jahon chempionini aniqlashning klassik ko‘rinishiga qaytgan erkaklar o‘rtasidagi chempionlik musobaqasidan farqli, ayollar o‘rtasida jahon chempioni biroz chalkash sxemaga ko‘ra aniqlanadi. Erkaklarda jahon chempioni o‘z tojini da'vogarlar musobaqasi g‘olibi bilan uchrashuvda himoya qiladi. Ayollar o‘rtasida esa 2011 yildan boshlab FIDE chempionlik uchrashuvlarini nokaut-tizim musobaqalari bilan navbatma-navbat almashtirib o‘tkazib kelmoqda. Nokaut-tizimda amaldagi chempion musobaqada umumiy asoslarda ishtirok etadi.

Bu esa ayollar o‘rtasidagi 1-raqamli shaxmatchi, xitoylik Xou Ifanning ayollar musobaqasida ishtirok etishdan voz kechishiga olib kelgan va u hozir erkaklar bilan musobaqalashmoqda. Xou Ifan 2010 yilda jahon chempionatini nokaut-tizim bo‘yicha yutgan. Keyin u ikki marta jahon chempioni unvonini keyingi nokaut-tizimlar g‘olibalari bilan uchrashuvda o‘ziga qaytara olgan, biroq 2016 yilda Gran-prining saralash seriyasida ishtirok etishdan bosh tortgan.

Top