4 may kuni Toshkent shahridagi Wyndham mehmonxonasida davlat organlari va fuqarolik jamiyati vakillari O‘zbekistonda davlat xizmatlarini ko‘rsatishni yanada takomillashtirish yo‘llarini muhokama qilishdi. Qiziqarli o‘tgan seminar Jahon taraqqiyot banki, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda "Taraqqiyot strategiyasi" markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda ishtirok etgan KUN.UZ muxbirining xabar berishicha, seminarda davlat xizmatlarini ko‘rsatishga doir eng yaxshi tajribalar taqdim etildi va ular qiyosiy tahlil qilindi. Shuningdek fuqarolar uchun davlat xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari muhokama qilindi. Shu o‘rinda O‘zbekistonda pasport olish jarayoni, unga qancha vaqt sarflanishi, uning tartib-qoidalari va bu jarayonning boshqa davlatlarda qanday kechishi misollar bilan tushuntirib berildi. Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda eng yaxshi tajribalar sifatida Singapur, Avstraliya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi mamlakatlar misol qilindi.

Seminar davomida Davlat xizmatlari agentligining 30 dan ortiq xodimi, Toshkent shahri Yer resurslari va davlat kadastr boshqarmasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi "O‘zarxiv" agentligi, Ichki ishlar vazirligi va fuqarolik jamiyati instituti vakillari ishtirok etishdi.

Shunisi diqqatga sazovorki, tadbir davomida tashkilotchilar va yuqoridagi idoralar vakillari o‘rtasida o‘zaro bahs-munozaralar qizg‘in tus oldi. Davlat boshqaruvi bo‘yicha ekspert Aziza Umarovaning O‘zbekistondagi pasport olish tizimini soddalashtirishga doir innovatsion takliflariga Ichki ishlar vazirligi vakili u mamlakatlar bilan yurtimiz aholisining o‘rtasida farq borligi, boz ustiga, ayni damda bu borada innovatsiyalarga qo‘l urilayotgani, tez orada ularning natijasi ko‘rinishini ta'kidladi. Bunga javoban fuqarolik jamiyati instituti vakili davlat boshqaruvi bo‘yicha ekspertning takliflari o‘rinli ekani, IIV e'tirozga shoshilmay, innovatsiyalarni tizimga tatbiq qilishga harakat qilishi maqsadga muvofiq bo‘lishini qayd etdi.

Jahon banki maslahatchisi, davlat boshqaruvi bo‘yicha ekspert Aziza Umarova davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini fuqarolar ehtiyojiga yanada moslashtirishga doir qiziqarli takliflar bildirdi va bu borada O‘zbekistonda tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan jahon tajribalari bilan bo‘lishdi.