Jahon banki direktorlar kengashi O‘zbekistondagi islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozli kreditlar ko‘rinishidagi 800 million dollarlik moliyalashtirish paketini tasdiqladi. Bu haqda Jahon banki matbuot xizmati xabar berdi.
Bu islohotlar mamlakatning inklyuziv va barqaror bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonini jadallashtirishga qaratilgan.
“Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hukumatning tarkibiy islohot dasturi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, qishloq xo‘jaligi, temiryo‘l va energetika sohalarida samaradorlikni oshirish, davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish, ijtimoiy himoya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va mamlakatning atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflarga tayyorligini oshirish bo‘yicha keyingi chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi”, - deyiladi rasmiy xabarda.
Jahon bankiga ko‘ra, ushbu 800 mln dollarlik mablag‘lar hukumatga xalqaro moliya bozorlarida mavjud bo‘lgan qarz olish imkoniyatlaridan pastroq foiz stavkalari va uzoq muddatlarda taqdim etiladi.
“Bu O‘zbekistonga muhim moliyaviy resurslarni tejashga yordam beradi va bu mablag‘lardan dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda foydalaniladi”, - deyiladi JB xabarida.
Jahon bankining moliyalashtirish paketi quyidagi sohalarda aniq natijalarga erishishni nazarda tutadi:
1. Ijtimoiy himoya tizimi: fuqarolarning ayrim toifalari uchun ishsizlik, kasallik va tug‘uruq bo‘yicha nafaqalar qamrovini kengaytirish;
2. Gender zo‘ravonlikka qarshi kurash: maishiy va jinsiy zo‘ravonlik qurbonlari huquqlarini yanada samarali himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish;
3. Fermer xo‘jaliklarining qishloq xo‘jaligi yerlariga egalik qilish va undan foydalanish huquqlarini ta’minlash: ushbu huquqlarga rioya etilishini kafolatlash mexanizmlarini ishlab chiqish. Ularning qonunchilikka kiritilishi fermerlarni yanada samarali dehqonchilik usullariga sarmoya kiritishga undaydi. Bu, o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini va iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshiradi;
4. Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash: investorlarning huquq va manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilishni kafolatlovchi qonunchilikni ishlab chiqish. Shuningdek, investorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, katta hajmdagi xorijiy va mahalliy sarmoyalarni jalb qilish uchun shart-sharoit yaratishga xizmat qiladi;















