Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Buyuk devor ortida: Xitoy interneti xorijiy servislar bloklangandan so‘ng qanday yashamoqda?
XXR hududida ko‘plab xorijiy saytlarga ulanish Buyuk Xitoy fayrvoli yoki internetdagi kontentlarni filtrlovchi tizim — «Oltin qalqon» loyihasi bilan bloklangan. Mamlakatda senzurani hukmron kommunistik partiya amalga oshiradi, siyosiy mavzular, «Falun Gong» diniy tashkiloti haqidagi yangiliklar hamda Tibet va Shinjondagi milliy mustaqillik uchun kurashni muhokama etish taqiqlangan, deb yozadi vc.ru blogeri Margarita Vznuzdayeva.
Xorijiy resurslarning bir qismi «aholi uchun halokatli» axborotlarning ehtimoliy tarqalishi tufayli bloklanadi, boshqasi — protektsionistik nuqtai nazardan: taqiqlangan xorijiy ilovalar o‘rniga Xitoy kompaniyalari ularning milliy namunalarini yaratishadi, ular mamlakat hududida juda mashhur bo‘lib ketgan va davlatning YaIMini oshirishga xizmat qilmoqda. Ayni damda Xitoy internet bozorining katta qismini mahalliy qidiruv tizimlari, messenjerlari va ko‘ngilochar ilovalari egallab olgan.
Hammasi qanday boshlangan
Butunjahon interneti va ijtimoiy tarmoqlaridan ajratish Xitoyda bosqichma-bosqich amalga oshirilgan.
2006 yilning yanvari: Google kompaniyasi xitoycha iyerogliflarni taniy oladigan Google.cn qidiruv tizimini ishga tushirdi. Korporatsiya, shuningdek, Xitoy qonunchiligiga muvofiq, mamlakat aholisini «istalmagan» va «siyosiy jihatdan to‘g‘ri bo‘lmagan» resurslarga ulanishini bloklashni ham zimmasiga oldi va axborotga ulanish chegaralanganligi haqidagi diskleymer uchun huquqni o‘zida qoldirdi.
2009 yilning marti: Xitoy hukumati Google korporatsiyasiga tegishli YouTube videoportalini blokladi.
2009 yilning iyuni: Google.com va qisman Gmail bloklashga duchor bo‘ldi, korporatsiya internetda ahloqsiz axborotlarni tarqatishda ayblandi. Shuningdek, Twitter, Flickr va Hotmail bloklandi.
«Men Twitter 4 iyundan keyin ishlash-ishlamasligini bilmayman. Ishlab ketadi, deb umid qilaman, chunki Twitter — yangi internetning bosh ramzlaridan biri. Xitoy yosh avlodga kelajakdan foydalanish huquqini taqiqlab qo‘ya olmaydi», degan edi 2009 yilda bloger Maykl Anti.
Lekin Twitter mamlakat hududida 9 yildan buyon bloklab qo‘yilgan.
2009 yilning iyuli: Xitoy hukumati tomonidan Facebook bloklandi: ijtimoiy tarmoq bloklanishining asosiy sababi senzura talablariga javob bermasligi va mamlakat hududidan tashqarida joylashgan serverlarning davlat tomonidan nazorat etishning iloji yo‘qligi, deb ataldi.
Ijtimoiy tarmoq taqiqlangan Mark Tsukerbergning o‘zi Xitoyga rasmiy tashriflar bilan kelib, shimoliy xitoy lahjasida chiqish qilganiga qaramasdan, bu masalada murosaga kelinmadi. Videokontent monitoringi bilan shug‘ullanuvchi Inke startapi asoschisi Feng Yushengning aytishicha, Facebook Xitoy hududida senzura talablariga muvofiq faoliyat ko‘rsatishi uchun kompaniyaga «birgina videokontentni monitoring qilish uchun kamida 20 ming kishi zarur bo‘ladi».
Reddit u qadar mashhur bo‘lmagani uchun Xitoy hududida bloklanmagan, ayrim xitoyliklar u yerda senzura va taqiqlar haqidagi fikrlari bilan faol o‘rtoqlashishadi.
«Men bloklash bilan ilk bora to‘qnash kelganimni juda yaxshi eslayman (Xitoyda yettti yildan ziyod istiqomat qilmoqdaman). Men bu yerga ilk marta kelganimda, Facebook allaqachon bloklangan edi. Kunlarning birida esa Hongkong manzili (Google.hk)ga to‘g‘ri kelmaydigan Google’ga ulanolmay qoldim.
Keyin bu havola ham ishlashdan to‘xtadi. So‘ng Gmail, Google xaritalari, Google’ning jamiki ilovalari ishlamay qoldi. Tez orada taqiqni qanday chetlab o‘tish kerakligini anglay boshlaysan, lekin bu shu qadar noqulayki. Hukumatga xizmatlarga ulanishga ruxsat berishdan ko‘ra, ularni berkitib qo‘yish osonroq», deb yozadi bloger ThereUsedToBeASpoon.
2010 yilning yanvari: Google Xitoy bozoridan ketish niyati borligini bayon qildi.
2010 yilning marti: Kompaniya senzuraning bas qilinishi, talabnomalarning Google.cn’ga qayta yo‘naltirilishi, demakki, Hongkongdagi umumiy trafik ham to‘xtatilishini e'lon qiladi.
«Bunga sekin-asta ko‘nika boshlaysan. Baidu — Google, Youku — Youtube, Alibaba — Amazon, Weibo va Wechat — Facebook va WhatsApp. G‘arb resurslari uchun VPN», deb yozadi voodoomoocow.
2010 yilning iyuni: Google o‘zining Xitoydagi ishtirokini saqlab qolish uchun so‘nggi urinishi haqida e'lon qiladi va Google.cn sahifasida Hongkong saytiga foydalanuvchilarni avtomatik o‘tkazish o‘rniga, ixtiyoriy havol o‘rnatadi.
2010 yil iyuli: Xitoy hukumati Google ishiga litsenziyani qayta tiklaydi va Amerika kompaniyasi tomonidan taklif etilgan murosa yo‘liga rozi bo‘ladi. Google xitoylik foydaluvchilarga Hongkongda joylashgan saytiga google.com.hk havolasini bosib o‘tish imkonini berdi. Google’ning ish qurollari (Google Drive, Google Docs, Google Calendar) ga Xitoyda ulanib bo‘lmaydi.
«Men Xitoyda yashayman va bu taqiqlar bizga uzoq yillardan beri o‘z ta'sirini o‘tkazib keladi. Ayniqsa, qaydnomadan o‘tishni taklif etuvchi saytlar bloklanadi (masalan, Astrill qolganlari bloklanayotganida Xitoy aholisi uchun alohida domenlar yaratadi). Shuningdek, senzura qiluvchi organlar paketlarning chuqur tahlilini o‘tkazib, boshqa mamlakat bilan bog‘lanishga ega bo‘lsa, avtomatik bloklanadiganlarini topa olishadi», deb yozadi AllergicToDinosaurs.
2017 yilning marti: Pinterest bloklandi va uning o‘rnini unga o‘xshash milliy servislar egallay boshlaydi: ulardan biri internet-tijorat sohasidagi Xitoyning eng yirik kompaniyasi Alibaba tomonidan yaratilgan.
2017 yilning iyuli: hukumat VPNlarga nisbatan choralar qat'iylashtirilishini e'lon qildi.
«Xitoyda senzura so‘nggi haftalarda yanada kuchaydi. Ayrim VPNlar 2017 yilning 1 iyulidan boshlab bloklangan. Ko‘plab xorij filmlari va seriallari Acfun va Bilibili’dan o‘chirildi. Ayrim kitoblar va elektron darsliklar sababi oshkor qilinmasdan taqiqlandi», deb yozadi northestcham.
2017 yilning sentabr: WhatsApp Xitoy hududida bloklandi va VPNsiz ishlamaydi. Snapchat va Instagram’ning boshiga ham shu kun tushdi.
2017 yilning dekabri: Skype Xitoyning App Store’si va boshqa ilovalar do‘konidan yo‘q bo‘lib qoldi: rasman ilova taqiqlanmagan, lekin u shu qadar sekin ishlay boshladiki, u bilan videoaloqa qilish imkoni bo‘lmay qoldi. Google Play VPNsiz ishlamaydi, ya'ni Xitoy aholisi rasman u yerdan ilovalar yuklab ololmaydi.
Hukumat taqiqalariga shuningdek, quyidagi mediaplatformalar duchor bo‘ldi: The New York Times, Financial Times, The Wall Street Journal, The Economist, Bloomberg, Reuters, The Independent, LeMonde, L’Equipe, Netflix, Google News, yana Wikipedia va Wikileaks’ning ko‘plab sahifalari. Investopedia ma'lumotiga ko‘ra, The Wall Street Journal va Reuters’ning xitoycha versiyalari bloklanishi bir oy o‘tgach olib tashlangan (biroq bu aniq ma'lumot emas).
Xitoyda shuningdek ko‘plab xorijiy filmlar, xususan, hollivud yangiliklari taqiqlangan. Butun yil davomida Xitoy ekranlarida 34 ta xorijiy kino ko‘rsatilishi mumkin. Bu chora milliy kinematografyani rivojlantirish uchun qilingan: Xitoyning texnologik giganti Alibaba’ning hattoki kino ishlab chiqaruvchi o‘z kompaniyasi ham bor.
Tibet mustaqilligi mavzusi Xitoyda senzura ostida bo‘lgani tufayli, uning muxtoriyati tarafdorlari Xitoy hududiga kirishi mumkin emas: masalan, Richard Gir va Harrison Ford XXR hududiga kirish taqiqlangan. «Tibetda yetti yil» filmi uchun Bred Pitt ham ushbu ro‘yxatga qo‘shilgan.
Jyeyms Kemeronning «Avatar» filmi prokatdagi muvaffaqiyatidan ikki hafta o‘tib, Xitoyda taqiqqa uchradi, chunki u «mahalliy» kinolarga ulkan raqobatchi edi.
XITOYChA INTeRNeT
Xitoycha Google — Baidu
2017 yil apreligacha bo‘lgan ma'lumotlarga ko‘ra, Google’dagi so‘rovlar Xitoy bozorining umumiy miqdorining 1,84 foizini tashkil etadi. Xitoydagi eng mashhur qidiruv tizimi 76 foiz bozor ulushiga ega o‘zlarining Baidu’sidir va amalda monopolist hisoblanadi.
Google’dan farqli o‘laroq xitoyliklarning Baidu’si xorijiy saytlarga minimal havolalar beradi. Dastlabki sahifasida asosini reklama takliflari tashkil etuvchi organik natijalar ham yo‘q.
Ularga Baidu hamkorlarning veb-sahifalarini qidiruv tizimining bosh sahifasida namoyish etish bilan marketing yechimlarining keng turlarini taklif etadi. Bu tizim foydalanuvchilar ichra shunisi bilan ham mashhurki, u tezda iyerogliflarni zarur tarzda talqin qilib, buning ortidan xitoylik foydalanuvchiga yanada sifatliroq kontent taklif etadi.
Xitoycha WhatsApp — WeChat
WeChat ilovasini Xitoyning Tencent kompaniyasi ishlab chiqqan. Avvaliga u bloklangan WhatsApp’ning interfeysi va funksiyalarini to‘liq o‘zlashtirgan edi. Hozir undan nafaqat qo‘ng‘iroq va yozishmalar, shuningdek, onlayn xaridlar va o‘yin o‘ynash uchun ham foydalanish mumkin. Bu yerda ko‘ngilochar yozuv yozish va uni mutlaqo notanish odamga jo‘natish funksiyasi ham bor.
Xitoycha Twitter — Weibo
Xitoyning Sina Corp kompaniyasi tomonidan yaratilgan, 140 simvoldan iborat yozishmalarni lentada bo‘lishish imkonini beruvchi Weibo shunchaki Twitter fnuktsiyalarini takrorlaydi. Glabal tarmoqdan yagona farqi shundaki, Xitoy hamjamiyatining senzuraga duchor bo‘luvchi kontenti ajratib olinadi. Weibo’da foydalanuvchilar siyosiy mubohasalarga kirishishdan ko‘ra, ko‘proq o‘z hayotidagi voqealar bilan o‘rtoqlashishadi — xitoycha mentalitet jihatlari shunday.
Xitoycha Facebook Messenger — QQ
QQ ilovasining egasi WeChat’ni yaratgan Tencent’dir. Facebook Messenger’dan asosiy farqi bu dastur mobil telefonlardan ko‘ra ko‘proq kompyuter uchun yaratilganligidir. QQni ishlatish uchun mobil telefon raqami zarur emas.
Xitoycha Youtube — Youku
Youku — bu Xitoydagi eng yirik videoportal bo‘lib, unga har qanday kishi o‘z videoroliklarini yuklashi mumkin. Resursning jamiki kontenti Xitoy hukumati tomonidan nazoratda ushlanadi, kommunistik partiyani har qanday tarzda tanqid qilish senzuraga duchor bo‘ladi. Youku’da hattoki taniqli youkerslar (deyarli yutyuberlar) ham bor ular asosan Alibaba mahsuloti reklamasidan pul ishlashadi. Youku o‘zida Netflix, Hulu va YouTube’ning biznes-strategiyalarini jam qilgan va o‘z brendi ostida seriallar ham ishlab chiqaradi.
VPNning ahvoli qanday?
Xitoyda ofisga ega korporatsiyalar o‘zlarining VPN-servislarini senzura organlarining ruxsati bilan ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin, bunda ular kerakli mablag‘ni to‘lab, anonimayzerlar xizmatidan bemalol foydalanverishadi. Shuningdek, rasman qayddan o‘tkazilgan, hech qanday uzilishlarsiz ishlovchi Xitoy VPNlari ham bor. Hukumat tomonidan ro‘yxatga olingan VPNlardan foydalanilganda axborotning maxfiyligiga kafolat berilmaydi.
2018 yilning 31 martida Xitoy hukumati qayddan o‘tkazilmagan va hukumat tomonidan qora ro‘yxatga kiritilgan saytlarga o‘tish imkonini beruvchi VPN-ilovalarni taqiqlash haqida e'lon qildi. Bloomberg Businessweek’ning yozishicha, ko‘plab servislar ancha avval yopib qo‘yilgan, bir necha operatorlar hibsga olingan.
Apple kompaniyasi o‘tgan yilning VPN servislarni App Store’ning xitoycha versiyasidan o‘chirishni boshlab yuborgandi. VyprVPN, ExpressVPN, NordVPN va tobora qisqarib borayotgan boshqa kompaniyalar Amazon Web Services’da qo‘shimcha bulutli serverlarni ijaraga olib ishlashda davom etishmoqda.
Bundan tashqari, VPNni ishlatilganida ko‘plab Xitoy saytlari xato bilan ishlay boshlaydi: masalan, Youku’da video ko‘rsatmay qoladi. Bu anonimayzerning texnik xususiyati bilan tushuntiriladi: uning yordamida xitoycha IP boshqa mamlakatdagi IP ga maskirovka qilinadi.