19:29 / 05.05.2018
149873

Nega vahshiylashib ketyapsan, odamzod?

Oxirgi paytlarda internet sahifalarini kuzatishdan, unda beriladigan jinoyatlar haqida o‘qishdan, odamlarning bir-biri bilan tortishib, shaxsiyatiga loy chaplashidan charchadim.

Uzoq o‘tmishni bilmadim-u, ammo mustaqillik davrida  - bundan bor-yo‘g‘i 5-6 yillar muqaddam oilaviy nizo, qotillik yoki  talonchilik haqidagi xabarlar onda-sonda quloqqa chalinardi. Zamonning zaylini qarangki, bugungi  kunda tashlandiq chaqaloq, bolafurush ona, padarkush farzand yoxud...Bu jumlalarni o‘qib, etingiz junjikadi, hayratdan yoqa ushlaysiz. Qachon bunchalar vahshiylashishga ulgurdik ekan, o‘zi bizga nima yetishmayapti, deb o‘ylanib qolasan kishi.

Bugun dunyo bozorida hamma narsa, hatto, mehr ham sotiladi. To‘g‘ri, unday mehrda samimiyat bo‘lmasa-da, uning ham bozori bor. Ba'zan munkayib, belidan quvvat, tanidan sog‘liq arigan va bir necha farzandni o‘stirgan ota yoki otani ulardan birortasi, ha loaqal birortasi parvarish qilolmaydi. Xotirjamligini o‘ylagan holda bir insonni qarovchilikka yollaydi. U ota-onaning atrofida girdikapalak bo‘lsa-da, ammo uning biror harakatida samimiyat sezilmaydi, mehrlar ham shunchaki yuzaki. Ammo onaning mehri hamisha haqqoniy, uni hech narsaga tenglashtirib bo‘lmaydi. Har holda biz shu kungacha shunday deb hisoblaganmiz...Ammo, oramizda bemehr, farzandining qadrini pul bilan o‘lchaydigan, to‘qqiz oy vujudida saqlagan jonni buyumdek sotadiganlar ham bor.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Shu yil fevralining ayni izg‘irin kunida O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining Andijondagi postlaridan birida 23 kunlik chaqaloq oldi-sotdisi amalga oshirilayotganligi haqida aniqlandi. Marhamatlik ayol o‘z onasi (ya'ni chaqaloqning buvisi bilan birga) Buloqboshi tumanida istiqomat qilayotgan ayolga o‘z farzandini salkam 5000 dollarga (4.500 AQSh dollari va 4 mln. so‘m olingan) sotayotganda daliliy ashyolar bilan birga qo‘lga olingan. Eng yomoni savdo pishgunicha, bolakay sovuqda onasi bilan ancha tentiragan, mitti qo‘llari sovqotib, yuzlari qizargan. Nahotki, u boshqa bolalar singari sovuqni  issiqqina uyda, onasining mehr tafti ila qarshilashga haqli emasdi. Uning qadri bir siqim dollarga tengmidi?

Ha, bu bir misol-da. Oramizda shunday insonlar ham uchrab turadi, dersiz. Shukrki, yurtimizda bunday insonlar kam, ammo yo‘q deyolmaymiz.

Yaqinda telegramdagi kanallarning biridan bir videoni yuklab oldim. Maqolani yozish asnosida tasvirdagi voqealar ko‘z oldimda gavdalandi.

Daryoda kiyik bolasi suzib bormoqda, onasi xavfni sezib, katta tezlikda uning ortidan suzdi. Kutilmaganda tasvirda timsoh paydo bo‘ldi. Ona harakatdan to‘xtadi, yirtqichning yo‘lini to‘sish, bolasining qirg‘oqqa yetib olishi uchun o‘zini qurbon qildi. U ona ekanligini isbotlay oldi.

Xo‘sh, nega ba'zi onalar hayvonchalik ham ish tutishmayapti. Yengil-yelpi hayotining «meva»si bo‘lgan farzandini pullab, qanchalar vahshiylikka qo‘l urayotgani haqida o‘ylab ko‘rmayapti?

Afsuski, farzandfurushlarning jinoyati  o‘z o‘g‘lini ortiqcha yuk deb bilib, ko‘chada bo‘g‘ib o‘ldirgan onaning oldida-ku, holva bo‘lib qoldi! Qo‘lini o‘z jigarbandining qoni bilan bo‘yagan Saidaxon Tillavoldiyevaning tergov jarayonidagi fikrlarini OAV orqali o‘qib hayratlandim. «Baribir u ko‘cha-kuyda xor bo‘lib o‘lib ketardi», degan gapdan qanday ma'noni uqish mumkin?Biz qanday davlatda yashayapmizki, odamlar ochlikdan,yalang‘ochlikdan o‘lib ketayotgan bo‘lsa? Qimirlagan insonning qozoni qaynayapti, davlat ham ijtimoiy yordamga muhtoj insonlarga beparvo bo‘layotgani yo‘q.

Eh, qanday zamonlar keldi-ya! Ilgari otaga tik qarash, onaga qattiq gapirishga botinolmaydigan xalqning diydasi bunchalar qotib borayapti? Abdulatif singari padarkushlar safi ortyapti?

23 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV Matbuot xizmati Toshkent viloyati Chinoz tumanida ro‘y bergan noqobil farzand M. Namoyevning jinoyati to‘g‘risida ma'lumot berdi. Xabarga ko‘ra, 22 yoshli o‘g‘il oilaviy kelishmovchilik natijasida 59 yoshli otasi V.Namoyevning boshiga bolg‘a bilan urib, jiddiy tan jarohati yetkazgan.

Yashin tezligida tarqalayotgan va keti uzilmayotgan bu kabi xabarlarni eshitib, o‘qib qo‘rquvga tushasiz. Beixtiyor xayolingizga siz ham farzand ekanligingiz, bir vaqtning o‘zida yana farzand tarbiyalayotganingiz yodingizga tushadi.

Bunday jirkanch, vahshiyona voqealar faqat oila a'zolari bilan bog‘liq emas. Mahalladosh, tanish-bilish, hamkasb ,hatto, bir-biriga begona insonlar o‘rtasida ham qotillik va zo‘ravonlik bilan bog‘liq holatlar yuz bermoqda.

Kuzatishlarim natijasida amin bo‘ldimki, odamlar kundan-kunga tajovuzkor (ming bor uzr) bo‘lib bormoqda. Hamma alamzada-yu, bir gap gapirsang qopib oladigandek...

Endi yuqoridagi holatlarning yuzaga kelishiga qaysi omillar sabab bo‘layotganligi haqida mushohada yuritsak. To‘g‘ri, sabablar ko‘p, ammo asosiylari quyidagilar:

1. Qorinni to‘ydirish oson, ammo ko‘zni to‘ydirish qiyin ekan. Agar odamzod boylikka bunchalar ruju qo‘ymaganida, tarix qirg‘inbarot urushlarni ko‘rmagan, zamin insonlar qoni bilan bo‘yalmagan yoki osmon norasida go‘daklar yig‘isidan larzaga kelmagan bo‘lardi.

Tan olish kerak, jamiyatimizga ishsizlik muammosi begona emas. Korrupsiyaning ildiz otgani, har bir tashkilotda ichki mahalliychilikning borligi ham ayni haqiqat. Ammo bular jinoyat sodir etishga, qotil degan tamg‘ani olishga sabab bo‘lolmaydi. Kuzatuvlarim natijasida amin bo‘ldimki, hozir odamlar bir-birini aldashga, har bir ishdan pul topishga sho‘ng‘ib ketgan. Go‘yoki, biz yashash uchun pul topmayapmiz, pul topish uchun yashayapmiz.

2. Hech bir inson ona qornidan bilimdon yoki qotil bo‘lib tug‘ilmaydi. Undagi xulq-atvorlarning barchasi oiladagi muhit ta'sirida shakllanadi. Shu bois, yuqoridagi kabi holatlarda faqat jinoyatchini ayblash noto‘g‘ri. Bunda ota-onaning, yaqinlar, tanish-bilish, qo‘ni-qo‘shnidan tortib, jamiyatdagi har bir insonning hissasi bor.

Shu o‘rinda Xolid Husayniyning «Shamol ortidan yugurib» romanidagi Asefning qanday qilib yirik qonxo‘r bo‘lib kamolga yetganligi haqidagi hikoyasi yodimga tushdi. Yozuvchining tasvirlashicha, u bolalikdan talonchi, hukmronlikka intilgan, tengdoshlari unga tobe bo‘lishini istardi. Otasi uning bu harakatlaridan quvonar, qo‘llab-quvvatlardi. Qarangki, Asef o‘zi istagandan ortig‘iga erishdi. Ulg‘aygach qarshi kuchlar bilan birlashib, afg‘on xalqini qilichdan o‘tkazdi, qon hididan huzur oladigan, dod-faryodlar qulog‘iga xush yoqadigan kallakesar bo‘lib yetdi.

Demak, jinoyatga qo‘l urmoqchi bo‘lgan inson o‘z-o‘zidan bu yo‘lni tanlamaydi. Kichik arzimasdek tuyilgan jinoyatlar kattalashib boraveradi. Demak, ota-onalar farzandlarining xatti-harakatiga doimo sezgir bo‘lishi, biror noqobil harakatni bolalikka yo‘ymasdan uning zarari haqida tushuntirishi lozim. Albatta, buning uchun ota-ona ham tarbiya ko‘rgan bo‘lishi shart!

3. Sakkiz yoshli o‘g‘lim internetdan elektron o‘yin yuklab olib, maqtandi.

— Qarang, bu meni mashinam!

— Juda chiroyli ekan! Buni boshqarishing kerakmi?

— Ha manavi balandliklardan o‘tishim va yo‘lda uchragan dushmanlarni bosib ketishim kerak! Qarang, bittada to‘rttasini o‘ldirdim, — dedi ko‘zini o‘yindan olmay.

Qo‘rqib ketdim va o‘sha kuniyoq o‘yinni o‘chirib, telefonni qayta o‘g‘limga bermaslikka ahd qildim.

Shu yilning mart oyida  AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uy Kongress vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda «Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi maktablarda sodir etilayotgan otishmalarning bosh omili – kompyuter o‘yinlari bilan bog‘liq», degandi.

Haqiqatan ham bunday elektron o‘yinlar inson ruhiyatiga sezilarli ta'sir etadi, qancha ko‘p odam o‘ldirsangiz, ko‘proq ball to‘playsiz. Ekranga sachragan qon, bir insonning dod-voyi ta'bingizni xira qilmaydi.

4. Bugungi kino sanoatida detektiv janrdagi filmlar yetakchilar qatoridan joy egallagan. Ularning tomoshabini ko‘p! Ammo jinoyat tarixini miridan-sirigacha ko‘rsatib beradigan, qotillarning ish jarayonini ochiqchasiga namoyish etayotgan bunday filmlar boshqalar uchun yo‘riqnoma bo‘lmasliga hech kim kafolat bermaydi. Balki ishonmassiz, ammo Rossiyadagi jinoyatchilardan biri qotilliklar aks etgan filmlarni ko‘rib, ko‘zini pishitgani va qurbonlariga shunday munosabatda bo‘lganini sud zalida ochiqchasiga tan olgandi.

5.Tan olish kerak, so‘nggi yillarda diniy qarashlar bilan bog‘liq tushunchalarimiz ancha o‘zgarib ketdi. Asl islom dinidan uzoqlashib, yaxshi bilan yomonni qorishtirib yubordik. Bolalarda ham diniy tasavvurlarni juda kech uyg‘otayapmiz, shu bois bo‘shliq o‘rnini yot g‘oyalar osonlikcha o‘zlashtirib olmoqda.

6. Texnika olamiga sho‘ng‘ib ketib, ma'naviyat o‘chog‘i sanalgan adabiyotni unutib qo‘ydik. Maktabga endi chiqqan farzandimizga yangi telefon harid qilamiz-u, tug‘ilgan yoki bayram kunlarida bitta kitob olib berishga yaramaymiz. Odob xazinasi sanalgan adabiyot faqat oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlarida emas, hayot chig‘iriqlaridan o‘tishingizda ham asqatadi.

Shu yerga kelganda qalamim yozishdan to‘xtadi. Maqolaga qanday xulosa yasashni bilmay qoldim. Sabablarni umumlashtirgach, Abdulla Avloniyning «Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo sadoqat — yo falokat masalasidir», degan so‘zlari yodimga tushdi. Inson kamolotining poydevori bo‘lgan oiladagi tarbiyani kuchaytirish, ota-onalarning tarbiyaga layoqatli insonlar bo‘lishini ta'minlash qanchalar muhim masala ekanligini angladim.

Nargiza MURODOVA,

jurnalist

Mavzuga oid
Top