19:34 / 06.05.2018
14216

Iroqlik migrant suriyalik qochqin bolaga o‘z poyabzalini yechib berdi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ijtimoiy tarmoqlarda tramvayda o‘z poyabzalini yechib, uni boshpanasiz bolaga kiydirayotgan yigitning surati virus kabi keng tarqaldi. Bu 21 yoshli iroqlik muhojir Muhammad As-Samariy bo‘lib chiqdi, deb yozadi Turkiyaning DailySabah nashri. 

As-Samariy Qora dengiz bo‘yidagi Samsun shahrida tramvayda ketayotganida poyabzalsiz turgan suriyalik qochqin bolani ko‘radi. U tashqarida yomg‘ir yog‘ayotgan bo‘lishiga qaramay, do‘st-birodarlari ko‘z oldida o‘zining botinkasini yechib, bolaga beradi.

"Agar yana poyabzalsiz bolani ko‘rsam, xuddi shu ishni takrorlayman", - dedi As-Samariy "Islas" axborot agentligiga. Mahalliy aholi poyabzal taqdim qilingan bolani topishga harakat qilmoqda. 

Mebel do‘konida ishlovchi As-Samariy 4 yil avval ota-onasi bilan Iroqdan Turkiyaga kelgan.

"Dastlab bola poyabzalni olmadi. Men unga uyim yaqin orada ekani, shu bois poyabzalsiz yetib olishim mumkinligini aytdim. Sovuq kunda oyoq kiyimsiz yoki yupun kiyingan bolalarga qaray olmayman", - deydi Samariy.

U o‘z suratlari virus kabi tarqalganidan bexabar bo‘lgani, kafeda nonushta qilayotganida notanish kimsa kelib, u bilan suratga tushish istagini bildirganidan keyingina bundan xabar topganini qo‘shimcha qildi.

"U kishidan nima uchun men bilan bilan suratga tushmoqchi ekanini so‘radim va u menga gazetalarni ko‘zdan kechirishga chaqirdi. Shundagina ularda o‘zimni suratimni ko‘rdim", - deydi u.

Top