Vazirlar Mahkamasining 3.05.2018 yildagi 320-son qarori bilan Fermer xo‘jaliklarining nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari iste'mol qiladigan elektr energiyasi qiymatini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetidan subsidiyalar ajratish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
  
Norma’ning yozishicha, hujjatda paxta va boshoqli don ekinlarini yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashga doir qator chora-tadbirlar nazarda tutilgan.
 
Birinchidan, joriy yil 1 apreldan boshlab nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtirish uchun iste'mol qiladigan elektr energiyasi qiymati Davlat byudjyeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Bunda sug‘orish uskunalari elektr energiyasi iste'molini hisobga olish uskunalari bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.  
  
Ikkinchidan, suv iste'molchilari uyushmalari tasarrufidagi, fermer xo‘jaliklari tomonidan foydalaniladigan nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari 1 iyunga qadar ularga bepul o‘tkazib beriladi.
 
Uchinchidan, ajratilgan mablag‘larning yil yakuni bo‘yicha iqtisod qilingan qismi energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va sug‘orish uskunalarini ta'mirlash uchun fermer xo‘jaliklari ixtiyorida qoladi.
 
Juda qisqa muddatda suv olish limitlari ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi hamda barcha suvdan foydalanuvchilar e'tiboriga yetkaziladi.
 
Hujjat doirasida quyidagi iste'molchilarga nisbatan xarajatlarni qoplash bo‘yicha imtiyozlar tatbiq etilmaydi:

• elektr energiyasi iste'molini hisobga olish uskunasini o‘rnatmagan;
• hisoblagichlarni o‘rnatgan bo‘lsa ham, tuman elektr tarmoqlari tashkilotida ro‘yxatdan o‘tmagan;
• paxtachilik klasterlari bilan qamrab olingan.
 
Elektr energiyasi xarajatlari qay tartibda qoplanadi
 
Har yili hududiy va tuman ishchi guruhlari tashkil etiladi. Tuman ishchi guruhlari tarkibiga: moliya, qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya, yer tuzish va davlat kadastri tuman bo‘limlari rahbarlari, shuningdek mahalliy elektr tarmoqlari tashkiloti va boshqa tashkilotlarning rahbarlari kiradi. Komissiyalarga tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari boshchilik qiladi.