Jahon | 19:04 / 02.12.2024
7033
2 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg: Britaniya shamol elektr stansiyalari ishlamasligi uchun milliardlab pul sarflamoqda

Mamlakatda oxirgi 5 yilda shamol energetikasi obektlari 2 barobarga ko‘paygan, lekin energotarmoqlarni qurish sur’ati sezilarli darajada ortda qolmoqda. Natijada hukumat shamol elektr stansiyalarining ishlamasligi uchun operatorlarga pul to‘lashga majbur bo‘lyapti, chunki ishlab chiqariladigan energiyani iste’molchiga yo‘naltirish imkonsiz.

Foto: AP

Buyuk Britaniya hukumati 2024 yil boshidan beri mamlakatdagi shamol elektr stansiyalari ishlamasligi uchun 1 milliard funt sterlingdan ortiq mablag‘ sarfladi, deb xabar beradi Bloomberg.

Qayd etilishicha, Buyuk Britaniyada oxirgi 5 yil ichida shamol energetikasi obektlari soni 2 barobarga oshgan va keyingi besh yilda ham xuddi shunchaga oshishi kerak edi. Shu bilan birga, shamol elektr stansiyalari uchun energotarmoqlarni qurish elektr stansiyalarni qurish sur’atlaridan sezilarli darajada ortda qolmoqda. Natijada, Britaniya hukumati operatorlarga shamol elektr stansiyalari ishlamasligi uchun pul to‘lashga majbur bo‘lmoqda, chunki ular tomonidan ishlab chiqariladigan energiyani iste’molchiga yo‘naltirish imkonsiz.

Mamlakatda elektr energiyasi yetishmovchiligini qoplash maqsadida hukumat gaz elektr stansiyalariga yuklamalarni oshirishga yoki qaytadan ishga tushirishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa Britaniyani atmosferaga zararli gazlar chiqarilishini kamaytirish bo‘yicha maqsadlaridan uzoqlashtirmoqda.

«Shamol elektr stansiyalarining ishlamay turgani uchun to‘lanayotgan pullar oxir-oqibat iste’molchilar yelkasiga tushadi va elektr qimmatlashishda davom etadi», — deyiladi xabarda.

Mavzuga oid