O‘zbekiston | 23:06 / 10.05.2018
25193
5 daqiqa o‘qiladi

Andijonlik bolakay haqiqatda difteriya (bo‘g‘ma) kasali yuqtirganmi?

Andijon viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidagi to‘rt yoshli bolakay O‘zbekiston hududida bir necha o‘n yillardan beri kuzatilmagan yuqumli – difteriya, ya'ni bo‘g‘ma kasalligida gumon qilinayotgani haqida uning otasi bizga 7 may kuni xabar bergan edi.

“Muxbir aka, o‘g‘limga vrachlar aniq diagnoz qo‘ya olishmayapti. Biri sakson foiz  difteriyaga gumon  va tezda  zardob (syvorotka) topish kerak deydi. Lekin, yana boshqasi o‘tkir tomoq anginasi tashxisini qo‘yyapti. Biz ayolim bilan nima qilishni bilmayapmiz”, - deya qo‘ng‘iroq qilgandi.

O‘sha vaqtning o‘zida  shifoxona bosh shifokori Mahmudjon Yunusov bilan bog‘langanimizda tibbiyot xodimi Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi laboratoriyasidan  tahlil natijalari chiqmaguncha bolaga aniq diagnoz qo‘yish qiyin ekanligini aytgandi.  

 Hozirda shifoxonaning karantin bo‘limida davolanayotgan bola muzqaymoq va qulupnay yeganidan keyin bezovta bo‘lgan va dadasi o‘g‘lining tomog‘i yiringlab ketganini ko‘rib, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelgan. Shundan so‘ng mutaxassislardan biri bola holatini tekshirib difteriyaga gumon borligini aniqlaydi.

 Ota-ona hayron, chunki aynan shu kasallikka qarshi zardob (sivorotka) mamlakatimizda umuman yo‘q ekan. Dadasiga vrachlar har ehtimolga qarshi zardob topish kerakligini aytgach, u boshqa yurtdagi do‘stlariga izlatishni boshlaydi. Biroq, mutaxassislar kasallik varaqasiga difteriya diagnozi qo‘yishmaydi. Chunki, hali analiz (tahlil) natijalari chiqmagan.        

 “Kasalxonaga kelganimizning bugun uchinchi kuni, biroq Andijon viloyati Davlat sanitariya-epidemiologiya markazi tomonidan analizlar hali chiqmadi. Aytishlaricha, ertaga aniq bo‘lar emish. Farzandim sog‘ligidan xavotirim oshib boryapti”, – deydi bemorning dadasi.

 Kasallikni aniqlash uchun bolaning tomog‘idan bakteriologik tekshiruv uchun surtma olinib, maxsus ozuqaviy muhitga qo‘yilar ekan. Agar o‘sha muhitda bakteriya o‘sib chiqsa, demak kasallik aniqlangan bo‘ladi.

  Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori o‘rinbosari G‘ofirjon Ibragimov bilan suhbatlashganimizda bemor bolakayning tomiridan kuniga ikki marta “Ultrapim”, bir marta “Fulikanazol” dori yuborilayotgani, glyukoza 5%-200 mldan bir mahal, “Piobakteriofag” ikki marta ichishga berilayotgani va tomoqqa aerozol sepilayotganini aytdi. “Bolakayning umumiy holati yaxshilanib borib, tomoqdagi yiringlar ozayib boryapti. Tana harorati normal holatda. Toshkentdan eng malakali mutaxassislar kelib, tekshiruvlar o‘tkazishdi”,-dedi vrach.

Bemorning ota-onasi har ehtimolga qarshi qo‘shni davlatlardagi tanishlaridan difteriyani davolovchi zardob(syvorotka) izlash bilan band. Afsuski, difteriyaga qarshi zardob mamlakatimizda umuman yo‘q ekan.

Oddiy tahlilimiz. O‘zbekistonda bolalar yuqumli kasalliklarga qarshi 2 oylikdan boshlab, 16 yoshgacha AKDSning turlari  bilan vaksinatsiya qilinadi.

Lekin, mamlakatimizda qo‘qqis biror kishi ayrim sabablar yoki qo‘shni yurtga borganida difteriya kasalligi yuqtirib kelsa, boshqa davlatdan vazirlik orqali bir dunyo qog‘ozbozlikdan so‘nggina ma'lum vaqtdan keyin ana shu zardobni keltirish mumkin ekan. Ungacha bemor hayoti xavf ostida bo‘ladi. Fikrimizcha, globallashuv jarayonida O‘zbekiston tibbiyoti har qanday xavfga tayyor turishi kerak. Fikrimizni soha kishilari bir qator spetsifik so‘zlar bilan inkor qilishlari mumkin. Biz bir narsani bilamiz, o‘sha zardobni saqlash inson hayotidan aziz emas!  

Andijon viloyati Davlat sanitariya-epidemiologiya markazi ma'lumotiga ko‘ra,  bolakayning aniq tashxisi ertaga, 11 may kuni ma'lum bo‘ladi.

Mavzuga oid